BLEFARIT
BLEFARIT (Yunoncha blepharon — qovoq) — kipriklar asosining yallig’lanishi. Ko’zning ta’sirlanishi, surunkali kon’yunktivit, moddalar almashinuvining buzilishi, me’da-ichak kasalliklari, sil, kamqonlik; ko’zning optik nuqsonlari, yaqindan ko’rish, astigmatizm, uzoqsan ko’rish, shuningdek noqulay tashqi sharoit omillari: chang, shamol, tutun va boshqalar sabab bo’lishi mumkin. Blefaritning oddiy, po’stloqchali, yarali, burchakli, Meybomiev va «kosmetik»xillari farkdanadi.Oddiy Blefaritda qovoq chetlari qizaradi, qichishadi, shishadi, kiprik tagida oqishsarg’imtir qazg’oqqa o’xshash tangachalar hosil bo’ladi, ko’z tez toliqadi. Po’stloqchali Blefaritda ushbu belgilar kuchayib, kipriklar ostidagi terida oqishkulrang qazg’oqqa o’xshash tangachalar hosil bo’ladi. Yarali Blefaritda qovoq chetlari shishib, qalinlashadi, qizaradi, qotib qolgan yiring bilan kipriklar bir-biriga yopishib qoladi, ular ko’chirilganda qonaydi, tagida yiringli, qon aralash yarachalar ko’rinadi, kipriklar to’kilib ketadi, ko’z qovog’i ag’darilishi mumkin. Burchakli Blefaritda ko’z tirqishining tashqi burchagidagi teri va shilliq parda qizaradi, ko’z yoshlanadi, ko’piksimon ajralma chiqadi. Meybomiyev Blefarit Meybomiev bezlarining ko’p sekret chiqarishidan paydo bo’lib, bunda qovoq chetlari xuddi moylangandek yaltirab turadi. «Kosmetik» Blefarit ko’proqa yollarga xos bo’lib, turli krem, bo’yoq qalamlardan foydalanishi tufayli ro’y beradi. Blefaritning oldini olish uchun noqulay gigienik sharoitlarni bartaraf etish, bekamu ko’st ovqatlanish, ko’zdagi optik nuqsonlarni to’g’rilash zarur. Blefaritga chalinganda darhol vrachga murojaat etish kerak. Davosi: Blefaritga sabab bo’lgan omillarni yo’qotish zarur. Antibiotiklar, sulfanilamidlar, desensibilizasiyalovchi dorilar, glyukokortikosteroidlar ishlatiladi; qovoqlar massaj qilinadi.