BOBOBEK

BOBOBEK (? taxminan 1753) Qo’qon xoni (1752-53). Abdurahimbiyning katta o’g’li. Jung’arlar (ba’zi manbalarda qalmoqlar) 1740-yillarda Qo’qonni qamal qilganlarida Abdulkarimbiy jiyani Bobobekni garov sifatida oq uylik qilib dushmanlarga berishga majbur bo’lgan. Bobobek Qo’qon yaqinidagi qaynar degan qishloqda jung’arlar (qalmoqlar) orasida yashagan va taxminan 1752-53 yillarda Qo’qon taxtini qalmoqlar nomidan 10 oy boshqargan. 1753 yil beklar kengashi Qo’qon lashkarini O’ratepani egallash uchun jo’natishga qaror qilgan. Qo’shin safarga otlanib Beshariqqa yetganda Bobobek o’ldirilgan.

BOBOBEK (1833-1898.15.7, Toshkent) — Shahrisabz hokimi (1865— 70), kenagas urug’ining Achamayli aymog’idan. Otasi Hakimbek vafotidan so’ng (1865) Shahrisabz begi etib saylangan. Bobobek va Kitob begi Jo’rabeklar o’zaro ittifoq tuzib, Buxoro amirligidan ajralib chiqish uchun kurashganlar. Ular ruslar tomonidan bosib olingan Samarqand hisorini 1868 yil yozida qamal qilishda Samarqand aholisiga yordam berishgan. Zarafshonning yuqori qismida joylashgan Qo’shtut tumanini ruslardan himoya qilishda jonbozlik ko’rsatishgan. Amir Muzaffar bilan o’zaro bitim tuzgan general K. P. Kaufman qaysar beklarni tormor qilish uchun 1870 yil 11 avgustda general Abramov boshchiligida Shahrisabz va kitobga rus qo’shinlarini jo’natgan. Shahrisabz va kitob aholisi yaxshi qurollangan rus qo’shinlariga qarshi to’rt kun qattiq qarshilik ko’rsatganlaridan so’ng yengilganlar. Bobobek va Jo’rabek oz sonli qo’shinlari (200 kishiga yaqin) bilan Zarafshonning yuqori oqimida joylashgan tog’larga chekinganlar. U yerda Qo’qon xonligi qo’shinlari tomonidan asir olinib, Xudoyorxonning topshirig’i bilan Toshkentga, K. P. Kaufman ixtiyoriga jo’natilgan. Beklarning Xudoyorxonga nisbatan adovatidan ustomonlik bilan foydalangan Kaufman ularni harbiy xizmatga olib, Qo’qon xonligini uzil-kesil bosib olish maqsadida uyushtirilgan 1875-76 yillardagi harbiy yurishga jalb etgan. Mana shu yurishda ko’rsatgan xizmatlari uchun Bobobek mayor, Jo’rabek podpolkovnik harbiy unvoni bilan taqdirlangan.