BOBOJONOV ISLOM ALIMOVICH

BOBOJONOV ISLOM ALIMOVICH (1957.9.4, Xonqa tumani) — ishlab chiqarish tashkilotchisi, O’zbekiston Qahramoni (2002). Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat instituti (1979) va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti magistraturasini tugatgan (2000). Mehnat faoliyatini Xonqa paxta tozalash zavoddida smena boshlig’i vazifasida boshlagan, shu korxonada texnika xavfsizligi muhandisi (1979-84), Xorazm viloyati paxta tayyorlash va qayta ishlash birlashmasi katta muhandisi (1984-85), Xonqa paxta tozalash zavodi bosh muhandisi (1985-86), shu korxona rahbari (1986-96), Xonqa tumani hokimi (1996-97), O’zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo’jaligi vazirining birinchi o’rinbosari (1997— 98), vazir (1998-99), 1999 yil mart oyidan boshlab Xorazm viloyati hokimi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi (2005), «mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).