Boburiylar
Boburiylar-Hindistonda 1526 yildan 1858 yilgacha hukmronlik qilgan sulola. Unga temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur asos soldi. Chet ellarda, Hindistonda, uzoq vaqtlar bizda ham Boburni va uning avlodlarini “Buyuk mo’g’ullar” deb atash odat bo’lib qolgan. Bu noto’g’ri g’oya, asosan yevropalik olimlar tomonidan Temur va uning avlodlari mo’g’ullardan tarqalgan degan g’oya ilgari surilib, Bobur saltanati uchun “Buyuk mo’g’ullar” degan nom qo’llanilgan, ularning asarlari orqali shu nazariya to Hindistongacha kirib borib, uzoq vaqtlargacha noto’g’ri talqin etilib keldi. Aslida esa Temur ham, uning avlodlari ham, shu jumladan, Bobur ham mo’g’ullardan tarqalgan emas. “Buyuk mo’g’ullar” degan ibora Chingizxon va uning avlodlariga nisbatan qo’llanilsa to’g’ri bo’lardi. Boburiylar, aslida Temur xonadoni vakili bo’lmish Bobur avlodlaridandir. Ular, manbalarning guvohlik berishicha, o’zlarini “Boburiy mirzolar” deb yuritishgan. Boburlar Hindistonda 332 yil hukmronlik qilishgan. Boburiylar sulolasining vakillari: Z. M. Bobur (1526-1530), Humoyun (1530-1539 va 1555-1556), Akbarshoh (1556-1605), Jahongir (1530-1627), Shoh Jahon (1627-1658), Avrangzeb Olamgir (1658-1707), Bahodir I (1707-1712), Jahondirshoh (1712-1713), Farux Siyar (1713-1719), Muhammadshoh (1719-1748), Ahmadshoh (1748-1754), Olamgir II (1754-1759), Shoh Olam II (1759-1806), Akbar II (1806-1837), Bahodirshoh II (837-1858). Izoh: Humoyun afg’on sur qabilasining yetakchisi Sherxondan mag’lubiyatga uchragach, to 1555 yilgacha hokimiyat Sherxon qo’liga o’tdi, faqat 1555 yilda Humoyun afg’on, chig’atoy, eron, turkman va ko’chmanchi o’zbeklardan katta kuch to’plab hokimiyatni qaytarib oldi.