BOG’BEKOV HAYITMAT

BOG’BEKOV HAYITMAT (1953.27.6, Xiva tumani) — yog’och o’ymakori, O’zbekiston xalq ustasi (2001). Xiva hunar-texnika bilim yurtini yog’och o’ymakorligi bo’yicha tugatgan (1977). 1977 yildan Hayitmat Bogbekovning Toshkent shahri «Xotira va qadrlash maydoni»dagi ustunga ishlagan o’ymakorlik ishi. «Usto» uyushmasida usta. Bog’bekov Xiva va Xorazm yog’och o’ymakorligi san’atini tiklash va taraqqiy ettirishga katta hissa qo’shdi. 1969 yildan otasi usta Safo Bog’bekov bilan birgalikda ishladi: Qora dengiz flotining «O’zbekiston» kemasi uchun naqshinkor eshik, darvoza, ustunlar va boshqalar tayyorladi. Bog’bekov me’moriy yodgorliklarning yog’och o’ymakorligi bilan ta’mirlashda, zamonaviy binolarni sharqona bezashda samarali ijod qilmoqda; Turkmanistondagi jamoa xo’jaliklaridagi madaniyat saroylari (1979), yurmada shahridagi «O’zbekiston» restorani (1983), Xorazm yog’och o’ymakorligi namunasi (1983, Moskvadagi Xalq xo’jaligi yutuqlari ko’rgazmasining sovrini bilan mukofotlangan), Toshkent shahridagi faxriylar choyxonasi (1991), Qoraqalpog’istondagi Berdaq kinoteatri (1993) va boshqalardagi yog’och o’ymakorligi ishlarini yuksak did bilan bajardi. Toshkent shahridagi Xotira va qadrlash maydoni milliy ayvonining 12 ustuni hamda shifti uchun 1000 dona vassani islimiy va girix. naqshlar bilan bezab, tabaqa pardoz va do’la pardoz usulida ziynatlashga rahbarlik qildi; Urganchdagi Xotira maydoni ayvonlarini farzandlari va shogirdlari bilan tiklashda Bog’bekovning iste’dodi yorqin namoyon bo’ldi. Bog’bekov ko’plab shogirdlar tayyorladi.