BOJ

BOJ, boj puli — 1) o’rta asrlarda Uzoq va yaqin Sharq mamlakatlarida savdogarlar, hunarmandlar va boshqalardan olingan soliq; shuningdek, mag’lub podsholiklar tomonidan yoki zabt etilgan xalqlardan g’olib tomonga to’langan natural yoki pul solig’i ham Boj deb atalgan; 2) mamlakat chegarasidan olib o’tiladigan import tovarlari, molmulk, qimmatbaho buyumlar va boshqalar uchun davlat boj nazorati undiradigan pul yig’imlari. Boj mamlakat manfaatini ko’zlab undiriladi, xalqaro va millim boj tariflariga asoslangan holda milliy bozorga turli tovarlarning noqonuniy oqib kelishining oldini oladi, tovarlar importini muvofiqlashtirib, mamlakat doirasidagi taqchil tovarlar eksportini chegaralashga xizmat qiladi. Boj bilvosita soliq turi bo’lib, uning mol kiritish, mol chiqarish va mamlakat hududi orqali tashib o’tkazish (tranzit) uchun undiriladigan turlari bor. Boj muayyan tovarlar miqdori, donasi, metri, birligi, shuningdek tovar bahosi bo’yicha belgilangan boj tarifi doirasida olinadi.