BOLALAR MUSIQASI
BOLALAR MUSIQASI — bolalarning tinglashi va ijro etishi uchun mo’ljallangan musiqa asarlari. Bolalar musiqasi namunalari sodda shakli, yorqin ifodasi, jonli badiiy mazmuni bilan ajralib turadi. Bolalar hayoti, xalq ertaklari, tabiat manzaralari, hayvonot dunyosi Bolalar musiqasida o’z ifodasini topadi. Bolalar ijrosiga mo’ljallangan asarlarda ularning ijro imkoniyatlari (masalan, bolalar ovozining ko’lami, xorda kuylashga tayyorligi, ijro usuli murakkabligi va hokazolar) nazarda tutiladi. Bolalar tinglashi uchun maxsus yaratilgan musiqa asarlari orasida talaygina sahna asarlari (opera, balet, musiqali spektakl), kinofilm va multfilm, teleko’rsatuv va radioeshittirishlarga yozilgan musiqalar ham mavjud. Bolalar va ayni ular uchun kattalar tomonidan ijro etiladigan xalq musiqa ijodiyoti namunalari (qo’shiq, musiqiy tomosha va o’yinlar) bolalar folkloriga kiradi. I. S. Baxning «Anna Magdalena Baxning nota daftari», P. Chaykovskiyning «Bolalar albomi», R. Shumanning «Yoshlar albomi», K. Sensansning «Hayvonlar karnavali» orkestr fantaziyasi, S. Prokofevning «Petya va bo’ri» simfonik ertagi, K. Orfning «Bolalar uchun musiqa» 5 jildli to’plami (G. Ketman bilan hamkorlikda) Bolalar musiqasining yorqin namunalaridir. O’zbekistonda Bolalar musiqasi 20 asrning 30-yillarida yuzaga kelgan. Ilyos Akbarov, H. Muhamedova, K. Abdullayevlar birinchi bolalar qo’shiqlari, V. Uspenskiy, B. Nadejdinlar bolalar uchun ilk fortepiano asarlari yaratgan. Lekin 1950-90 yillardagina Bolalar musiqasi tizim tarzida rivoj topdi. M. Burhonov, A. Muhamedov, F. Qodirov, N. Norxo’jayev, E. Shvars, A. Mansurov va boshqa ommabop qo’shiqlar, S. Varelas, B. Gienko, D. Zokirov, G. Mushel, F. Nazarovlar turli janrlarda cholg’u asarlar. X Azimov, S. Abramova, P. Xoliqov, G’.Qodirov kabi kompozitorlar bolalar musiqa ta’limiga oid asarlar yozgan. Bolalar uchun opera («Yoriltosh», S. Boboyev; «Alovuddinning sehrli chirog’i», S. Varelas; «Malikai ayyor», S. Jalil; «Ali bobo va qirq qaroqchi», V. Milov; «Hayvonlar sultoni», A. Mansurov va boshqalar) va baletlar («Oltin kalitcha», B. Zeydman; «Go’zal Vasilisa», A. Berlin), musiqali komediya («Dono qiz va ahmoq podsho», D.Zokirov va boshqalar) yaratilgan. Kompozitorlardan T. Toshmatov, N. Norxo’jaev, M. Bafoyev, A. Ergashev, A. Nabiyev, A. Mansurov va boshqa yosh tomoshabinlar va qo’g’irchoq teatrlarida sahnalashtirilgan spektakllarga musiqalar yaratishgan.