BOLALAR VA O’SMIRLAR GIGIYENASI
BOLALAR VA O’SMIRLAR GIGIYENASI — gigienaning bir sohasi; go’daklikdan boshlab to 17-18 yoshgacha bo’lgan bolalar va o’smirlarning salomatligini saqlash va mustahkamlash masalalari bilan shug’ullanadi. Hayot sharoiti, o’quvtarbiya va mehnatning o’sayotgan organizmning kamol topishi va salomatligiga qanday ta’sir qilishini o’rganish va shunga asoslanib, yosh avlodning sog’lom o’sishiga hamda har tomonlama to’g’ri rivojlanishiga yordam beradigan gigiyena tadbirlarini ishlab chiqish Bolalar va o’smirlar gigiyenasi vazifasidir. Uning tavsiyanomalari shaxsiy, ya’ni har bir ayrim bolaga va muayyan bolalar guruhiga taalluqpi bo’lishi mumkin. Bolalar va o’smirlar gigiyenasi tashqi muhit omillarining bola organizmiga, uning hayot faoliyatiga, ta’lim-tarbiyasiga ta’sirini o’rganadi, o’sayotgan avlodning barkamol hamda jismoniy va ma’naviy jihatdan uyg’un rivojlanishi uchun zarur bo’lgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi. Bolalar va o’smirlar sog’lig’ini o’rganish va saqlash. Buning uchun biologik va ijtimoiy omillar, tashqi muhit hamda umumiy taraqqiyot qonunlarining bolalar va o’smirlar organizmiga ta’sirini o’rganish talab etiladi. Har bir yoshga oid kasalliklarning kelib chiqish sabablarini aniqlash esa kasallikning oldini olish chora-tadbirlarini belgilash va hayotga tatbiq etish imkonini beradi. Hozirgi yosh avlodning sog’lig’ini belgilangan muddatda tekshira borish (tibbiy ko’rikdan o’tkazish) bilan birga antropometrik usullarni qo’llash orqali ularning jismoniy rivojlanishi aniqlanadi. Shaxsiy gigiyena qoidalariga bolalar juda yoshligidanoq odatlanishi zarur. Bolada asosiy fiziologik jarayonlar — uyqu, uyg’oqlik, ovqatlanish (emish) ning o’z vaqtida almashinib turishi ayniqsa bolaning birinchi yoshida katta ahamiyatga ega. Har kuni ma’lum soatlarda ovqatlanish (emish), uxlash va shu kabi bolaning o’sishi va rivojlanishiga, ayniqsa nerv sistemasiga yaxshi ta’sir qiladi. Bolani hamisha ma’lum vaqtda (har 3—3,5 soatda) emizish tartibiga amal qilish lozim. Yosh bola hamisha ma’lum vaqtda uxlab, ma’lum vaqtda uyg’onishi uchun qulay sharoit yaratish, uxlaganida uni tinch qo’yish, uyg’oqligida esa ko’ruv va eshituv a’zolariga turli yo’llar bilan ta’sir etish (kattalarning gap-so’zlari, rangli, jarangdor o’yinchoqlarga bola diqqatini jalb qilish), gavda vaziyatini o’zgartirib turish (bolani vaqt-vaqti bilan qo’lga olish yoki qorni bilan yotqizib qo’yish) kerak. Bola nechog’li yosh bo’lsa, organizmi dam olish va uxlashga shuncha ko’p ehtiyoj sezadi. Uni ochiq havoda (qishda ham) har kuni kamida 2 soat sayr qildirish, o’ynatish zarur. Shunda qon kislorodga yolchib, organizmdagi almashinuv jarayonlari bir maromda kechadi. Bolalar va o’smirlar faoliyati gigienasi. Bunda bolalarning sog’lig’iga qarab ish faoliyatini belgilash va asta-sekin oshira borish hamda charchashning oldini olish tadbirlarini ko’rish asosiy masala hisoblanadi. Shunga asosan yasli, bog’cha, maktab yoshidagi bolalarning yoshiga mos keladigan kun tartibi joriy qilinadi. O’sib kelayotgan organizmning xususiyatlarini hisobga olgan holda, maktab o’quvchilarining mashg’ulot tartibi ularning yoshiga qarab turlicha belgilanadi. Uyda dars tayyorlashga ajratilgan vaqt 1-sinf o’quvchilari uchun 1— 1,5 soat, 3-4 sinf o’quvchilari uchun 1,5—2 soat, 5-6 sinf o’quvchilari uchun 2 soat, 7-8 sinf o’quvchilari uchun 2,5—3 soat, 9-10 sinf o’quvchilari uchun 3-4 soat bo’lishi kerak. Bola dars tayyorlagan vaqtda har 40-45 minutdan keyin 10-15 minutdam olishi zarur. Bolalar dars tayyorlab charchamasligi uchun mashg’ulotlardan keyin turli o’yin, sport, foydali mehnat bilan shug’ullanishlari yaxshi natija beradi. Tashqi muhit gigiyenasi. Bolalar va o’smirlar gigiyenasining bu qismida bolalar va o’smirlar muassasalari loyihasini tuzish va kurishda gigiena tadbirlarini ko’zda tutish, jumladan ularni aholi yashaydigan joylarga qurish, xonalar yorug’ va issiq bo’lishi, sanitariya texnika inshootlari to’g’ri qurilishi, toza havo, ichimlik suv hamda bolalar uchun mo’ljallangan jihozlar bilan ta’minlanishi kerak. Bolalar va o’smirlarning ovqatlanish gigiyenasi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlarining ahamiyati, bolalar muassasalari (bolalar uylari, sanatoriylar, tashkil qilingan sayohat va yurishlar)da ovqatlanish tartibi o’rganiladi hamda o’sish davrida energiya sarfi me’yori ishlab chiqiladi. Bolalarga to’yimli, mazali va xilma-xil ovqat berish, ovqatda oqsil, yog’, uglevod, vitamin, mineral tuzlar yetarli bo’lishi kerak. To’g’ri ovqatlanish bolaning turli kasalliklarga chidamini oshiradi, aqliy, jismoniy va mehnat qobiliyati barkamol bo’lishini ta’minlaydi. Maktabgacha tarbiya yoshidagi va maktab yoshidagi bolalar 4— 4,5 soatda ovqatlanishi kerak. Nonushtada sutkali kaloriyaning taxm. 25%ini beradigan oqsillarga boy sabzavot, guruchdan pishirilgan ovqatlar, tushlik sutkali kaloriyaning 35— 40%ni, kechki ovqat sutkali kaloriyaning taxminan 20-25%ini tashkil etishi va birmuncha yengil sutli, sabzavotli hamda yormadan pishirilgan ovqatlardan iborat bo’lishi lozim. Sutkali kaloriyaning qolgan 10-15%ni ikkinchi nonushtadan yoki tushlikdan keyin iste’mol qilgan ma’qul. Bolalar va o’smirlarga tibbiy xizmat ko’rsatish. Bolalar va o’smirlar gigiyenasining bu qismida tibbiy xizmat ko’rsatishni ilmiy nuqtai nazardan ishlab chiqish hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar ko’rish mo’ljallangan. Salomatligi zaiflashib qolgan, nimjon (revmatizm, tonzillit, sil intoksikasiyasi bilan og’rigan), shuningdek kasallikdan tuzalib kelayotgan bolalar uchun bolalar poliklinikasi yoki maktab vrachi ishtirokida alohida tartib tuziladi; ana shunday kasalliklarni boshdan kechirgan asabiy bolalarning o’qishini davom ettirishi hamda salomatligini tiklay borishi uchun maxsus sharoit yaratiladi (sanatoriy maktablari va boshqalar). Bunday muassasalarda o’qish bilan birga shifobaxsh badantarbiya, fizioterapiya, maxsus parhez, sof havodan ko’proq bahramand bo’lish kabi davo usullari qo’llaniladi. Bolani yoshligidan boshlab to’g’ri uyushtirilgan jismoniy tarbiya va chiniqtirish tizimiga o’rgata borish katta ahamiyatga ega. Hayotining birinchi oylarida massaj va jismoniy mashqlar bilan birga toza havodan bahramand qilish, keyinchalik esa sochiqni ho’llab badanni artish, cho’milish, kattaroq yoshdagi bolalarni dushga tushirib yoki ustidan suv quyib cho’miltirish bola organizmining kasallikka chidamini oshiradi va baquvvat qiladi. Bu tadbirlar muntazam bo’lishi va vrach bilan maslahatlashib olinganidan keyingina tatbiq etilishi kerak. Bolalar va o’smirlar muassasalarida hamma gigiena mezonlari va tavsiyanomalariga rioya qilinishini shahar va qishloq tumanlarining sanitariya-epidemiologiya stansiyalaridagi sanitariya vrachlari nazorat qilib turadi. Akmal Sultonov.