BOLBOLLAR
BOLBOLLAR, tosh ma’budlar — tosh haykallar yoki tosh taxtalarga bo’rttirib ishlangan odam tasviri. Markaziy Osiyo, Tuva, Oltoy, Janubiy Sibir, Mo’g’ulistonning turkiy xalqlar yashagan dashtlaridagi tepaliklarga o’rnatilgan. Ohangaron vodiysidan topilgan erkak shakli bo’rttirib ishlangan tosh taxta muhim ahamiyatga ega. Bolbollar asosan 6-8- asrlarda, ba’zi yerlarda 12-asrgacha rasm bo’lgan. Bolbollarni ilmiy jihatdan o’rganishga V. V. Bartol’d, N. I. Veseldvskiy asos solishgan. Bolbollar qabrlar, shuningdek maxsus tepaliklarga o’rnatilgan. Ular asosan erkak, ayrim hollarda ayol haykallari bo’lgan. Ko’pchilik Bolbollar qo’lida idish ushlagan qurolli erkak shaklida tasvirlangan. Ba’zi olimlar Bolbollar o’lgan odam (jumladan qabila zodagoni) ning, ayrimlari esa o’ldirilgan dushmanning tasvirini anglatadi deb hisoblaydilar. Bolbollarga topinish va ular oldida turli marosimlarni o’tkazish ajdodlar ruhiga sig’inish bilan bog’liq. Bolbollar ni o’rganish turkiy xalqlarning ijtimoiy tuzumi, urf-odatlari, san’ati, tarixi kabi masalalarni tushunishda katta yordam beradi.