BOROVKOV ALEKSANDR KONSTANTINOVICH

BOROVKOV ALEKSANDR KONSTANTINOVICH [1904. 3(16). 3, Toshkent 1962, 15.11, hozirgi Sankt Peterburg] — turkiyshunos olim. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1943). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1945), professor (1935). O’rta Osiyo davlat universitetining sharqshunoslik fakultetini tamomlagan (1928). Moskvadagi Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim, bo’lim mudiri, direktor o’rinbosari (1934-38, 1945— 60), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutida direktor o’rinbosari, ayni vaqtda Toshkent davlat pedagogika institutida o’zbek tili kafedrasi mudiri (1938— 45), Moskvadagi Tilshunoslik instituti Leningrad bo’limining direktori (1961 yildan). Borovkov Kirill grafikasi asosida o’zbek alifbosi imlosini ishlab chiqishda qatnashgan, turkiy xalqlarning etnografiyasi, folklori va tiliga oid ilmiy tadqiqotlar olib borgan. O’zbek tili shevalarini urgangan. Borovkov eski o’zbek yodgorliklarining leksikgrammatik va til xususiyatlarini tadqiq etib, «Sharq tillari tarixi va grammatikasi masalalari» (1958), «O’zbek tilining grammatikasi qisqacha ocherklari» (1959), Ahmad Yassaviy «Hikmatlar» ining tili va Alisher Navoiy asarlarining til xususiyatlariga oid ilmiy asarlar yaratgan. «Badoe ul lug’at» (1961), «12— 13-asr O’rta Osiyo tafsirining leksikasi» (1963)ni nashr ettirish bilan Borovkov eski o’zbek tilining mukammal lug’atini tuzishga asos soldi. Besh jildli «Ruscha o’zbekcha lug’at» (1950-55) va bir jildli «O’zbekcharuscha lug’at» (1959) ni tuzitshda ishtirok etgan. Borovkov turkiy xalqlarning «Alpomish», «Manas», «Qo’blon», «Qo’zi Ko’resh va bayan suluv» kabi eposlarini o’rganib, «O’rta Osiyo va Qozog’iston xalqlarining turkiy tillari eposini o’rganish masalalari» (1958), «Alpomish haqidagi qahramonlik poemasi» (1959) kabi ilmiy asarlar yaratgan. As: Alisher Navoi kak osnovopolojnik uzbekskogo literaturnogo yazika, M.. 1946.