BOSH MIYA
BOSH MIYA — odam va umurtqali hayvonlar Markaziy nerv sistemasining oliy qismi; kalla suyagi bo’shlig’ida joylashgan; u umurtqa pog’onasi kanalidagi orqa miya bilan Markaziy nerv sistemasini tashkil etadi. Bosh miya uzunchoq miya, miya ko’prigi, o’rta miya, miyacha, miya oyoqchalari va katta yarim sharlardan iborat. Uzunchoq miya orqamiya bilan miya ko’prigi oralig’ida joylashgan, uning ichki qismi nerv tolalaridan, tashqi (rombsimon) yuzasi V— XII juft bosh miya nervlarining o’zaklaridan tuzilgan. Miyacha Bosh miyaning ensa qismi ostida joylashgan. Miya ko’prigi asosan nerv tolalari hamda kranial nervlar hujayralari to’plamidan iborat bo’lib, oldindan miya oyoqchalariga, orqadan uzunchoq miyaga tutashgan. Kubrik tarkibidagi kulrang o’zakka Bosh miyadan harakatchan nervlar, orqadan uzunchoq miya orqali sezuvchi nervlar keladi va ko’prik orqali miyacha o’zaklariga borib muvozanatni saqlashda qatnashadi. Miya oyoqchalari 4 tepalik va ularning yelkalari hamda miya suv yo’lidan tuzilgan. Miya oyoqchalari asosan nerv tolalaridan iborat bo’lib, Bosh miyaga ko’prik va miyacha orqali qo’shiladi. Oyoqchalardagi bir juft qizil o’zaklar va suv yo’li devoridagi III juft ko’zni harakatlantiruvchi nervlarning o’zaklari, qoramtir tuzilmalar muskullar tonusini saqlab, normal yurishni boshqaradi; 4 tepalikning ustki bir jufti ko’zga tushgan nurni qabul qilib, boshni o’sha tomonga buradi, ko’z qorachig’ining kengayishi yoki torayishini ta’minlaydi; pastki ikkita do’mboq esa quloqni tovushga moslash, boshni o’sha tomonga burishni boshqaradi. Miya suv yo’li III qorinchani IV qorincha bilan qushadi. Bosh miya yarim sharlarining yopqich — plashch qismi kulrang moddadan iborat, ostida esa oq modda (nerv tolalari) va qorinchalar bor. Bosh miya yarim sharlari bir-biri bilan qadoqsimon tana yordamida Birlashgan 2 yarim shardan tashkil topgan. Har bir yarim shar peshona, tepa, ensa va chakka qismlarga bo’linadi. Yarim sharlar po’stlog’i kulrang moddadan, po’stloq osti esa oq moddadan tuzilgan. Po’stloq ustida egat va pushtalar bo’ladi. Po’stloqning o’zi 14-15 milliardga yaqin muayyan tartibda joylashgan har xil hujayralar (neyroilar)dan iborat. Neyronlar bi-rbiri va organizmning turli qismlari bilan dendritlar, ko’tariluvchi va tushuvchi neyritlar yordamida juda murakkab ravishda bog’lanadi. Yarim sharlar oliy nerv faoliyati a’zosi, unda fikrlash va emotsional jarayonlar sodir bo’ladi. Bosh miya organizmni tashqi muhitning o’zgaruvchan sharoitiga moslab turadi. Odam Bosh miyasining og’irligi o’rtacha 1360-1500 gramm, ba’zan bu ko’rsatkich kam yoki ortiq bo’lishi mumkin. Odamlarning aqli Bosh miyaning og’ir yoki yengil bo’lishiga aloqador emas. Bosh miya qattiq miya pardasi, o’rgimchak to’risimon va yumshoq (tomirli) parda bilan qoplangan. Bosh miya pardalari orqa miya pardalarining davomi hisoblanadi. Bosh miya qattiq pardasining tashqi sathi kalla suyaklarining suyak ust pardasi bo’lib, orqa miyaning qattiq pardasidan shu bilan farq qiladi. O’rgimchak to’risimon parda miya yumshoq pardasining tashqi sathi bo’lib, tomirlari bo’lmaydi. U yo’llar va chuqurliklar orqali miya sathiga o’tadi. Yumshoq miya pardasining ichki sathida tomirlar bo’lib, ular Bosh miyaning hamma egatlariga kiradi. Yumshoq pardoning bir qismi miya orinchalariga kirib, uning miya suyuqligi chiqaruvchi tomirli chigalini hosil qilishda qatnashadi. Yumshoq pardaning tashqi va ichki sathlaridagi bo’shliq miya suyuqligi bilan to’lib turadi. Bosh miya organizmdagi hamma a’zolarning kelishib ishlashini ta’minlaydi.