BO’SHLIQICHLILAR
BO’SHLIQICHLILAR, kovakichlilar (Coelenterata) — tuban tuzilgan suvda yashovchi umurtqasiz hayvonlar tipi. Bo’shliqichlilar eng qadimgi ko’p hujayralilar, vend davridan ma’lum. Ko’pchilik turlari dengizlarda yakka yoki koloniya bo’lib yashaydi. Dengiz Bo’shliqichlilarning hayot tsiklida o’troq yashovchi polip va erkin suzib yuruvchi Meduza davrlari gallanib turadi (metagenez). Ayrim Bo’shliqichlilar (gidralar, korall poliplar) ning meduza davri bo’lmaydi, ba’zi stsifomeduzalar va gidroidlarning polip davri yo’qolgan. Alohida Bo’shliqichlilarning tanasi tashqi ektoderma va ichki endodermadan iborat ikkita qavatdan tashkil topgan. Ektoderma va endoderma oralig’ida hujayrasiz, quyuq modda — mezogliy bo’ladi. Bo’shliqichlilar tanasi hujayralari to’la ixtisoslashmaganligi uchun to’qima va organlari rivojlanmagan. Ektodermasidagi hujayralarning asosiy qismi epiteliymuskul, otuvchi va ixtisoslashmagan oraliq hujayralardan iborat. Epiteliymuskul hujayralari qoplash va harakatlanish funktsiyalarini bajaradi. Otuvchi hujayralar o’ljani falajlab ushlash va himoya vazifasini bajaradi, ularda otiluvchi ipchalarga ega bo’lgan otuvchi kapsula shakllanadi. Oraliq xujayralar boshqa hamma hujayralarni hosil qiladi. Endodermada epiteliymuskul va oziqni qamrab olib hazm qiluvchi bezli xujayralar bo’ladi. Tana bo’shlig’i qopga o’xshash bo’lib, maxsus to’siq (septa) lar yordamida kameralarga bo’lingan, meduzalarda murakkab naylar sistemasidan iborat. Tana bo’shlig’i og’iz teshigi orqali tashqariga ochiladi. Og’iz teshigi paypaslagichlar bilan o’ralgan. Og’iz teshigi orqali oziq moddalar tana bo’shlig’iga o’tadi va hazm bo’lmagan oziq moddalar chiqib ketadi. Oziq tana bo’shlig’ida va endoderma hujayralari ichida hazm bo’ladi. Nerv sistemasi diffuz (tarqoq), tartibsiz joylashgan, o’simtalari orqali bir-biri bilan tutashib ketadigan nerv hujayralaridan iborat. Meduzalarda bundan tashqari soyaboni chetida ikkita nerv halqasi, sezgi organlari — yorug’lik sezuvchi ko’zchalar, muvozanat organlari (statosistlar) va ropaliyalar (stsifomeduzalar) bo’ladi. Jinsiy va jinssiz ko’payadi. Jinssiz kurtaklanish orqali bir qancha turlar koloniya hosil qiladi. Ko’pchiligi ayrim jinsli. Gidroidlarning jinsiy hujayralari ektodermada; stsifoid va korall poliplarda endodermada hosil bo’ladi. Ko’pchilik dengiz Bo’shliqichlilarda urug’langan tuxum hujayradan erkin suzib yuradigan planula lichinkasi chiqadi. Planuladan metamorfoz orqali polip, ba’zan Meduza vujudga keladi. O’troq yashovchi poliplarda meduzalar polipning kurtaklanishi tufayli hosil bo’ladi. 4 sinf: Gidrozoylar, stsifomeduzalar, korall poliplar va qirilib bitgan konulyatlar (Conulata) ga bo’linadi. 9000 dan ortiq turi ma’lum,barcha dengizlarda, ba’zi turlari (gidralar va ayrim meduzalar) chuchuk suvlarda uchraydi. Yirtqich yoki plankton bilan oziqlanadi. Ayrim turlari boshqa organizmlar uchun oziq bo’ladi. Yirtqich turlari oziq uchun baliqlarga konkurentlik qilishi tufayli zararli hisoblanadi. Bo’shliqichlilar orasida yashil xivchinlilar, turli yashil o’simliklar bilan simbioz yashovchilari ham bor. Koloniya bo’lib yashovchi korall poliplar orollar hosil qiladi va ko’pchilik dengiz hayvonlari uchun pana joy hisoblanadi. Korall poliplar qisman qurilish materiali va zebziynat uchun foydalaniladi. Ochil Mavlonov.