BOSHQIRD YARUSI

BOSHQIRD YARUSI (Boshqirdiston hududida o’rganilgan, nomi shundan) — O’rta karbon davrining boshlangan vaqti. 1934 yilda S. V. Semixatova tomonidan «Boshqird qatlamlari» nomi bilan ajratilgan. 1974 yil sobiq Ittifoqning umumiy regional sxemalarida rasmiy «Boshqird yarusi»deb qabul qilingan. Serpuxov va Moskva yaruslari oralig’ida joylashgan. Boshqird yarusi kulrang, to’q kulrang, dolomitsimon ohaktoshlardan, magmatik va vulkan jinslardan tuzilgan. O’rta Osiyoda (Piskom, Farg’ona, Qurama, Turkiston, Olay, Hisor tog’larida), Rossiya Federatsiyasi (Ural, Timan, Volgabo’yi, Dneprdon botiqligi, Voronej kristalli massivi va boshqalar), Ukraina (Donbass) da tarqalgan. Boshqird yarusida toshko’mir, neft va gaz, simob, polimetall qurilish materiallari uyumlari bor. Qurama tog’laridagi Boshqird yarusida boksit boyligi va oltin (Ko’chbuloq oltin koni vulkan jinslarda) bor. G’arbiy Yevropada Boshqird yarusiga mahalliy stratigrafik sxema bo’yicha yuqori Namyur va quyi Vestfal to’g’ri keladi.