Bosmachilik
Bosmachilik-Turkistonda sovet hokimiyati va bosqinchi qizil armiyaga qarshi olib borilgan qurolli harakatga sho’ro hukumati davrida berilgan rasmiy nom. “Bosmachi” so’zi, aslida, turkiy “bosmoq” (hujum qilmoq) fe’lidan yasalgan. Xalq o’rtasida “bosmachi” deb harbiy birlikka aloqasi bo’lmagan jinoyatchi unsurlar, o’g’ri va bezorilar tushunilgan. Shuningdek, birovlarning yurtini bosib olgan bosqinchilarni ham “bosmachilar” deyish mantiqan to’g’ri keladi. 1918 yilning boshidan 1919 yil o’rtalarigacha bo’lgan arxix hujjatlarida “bosmachi” so’zi uchramasdan, uning o’rniga “qaroqchi”, “bosqinchi” iboralari qo’llanilgan. 1919 yil o’rtalaridan boshlab avval vaqtli matbuotda, so’ngra rasmiy hujjatlarda “bosmachi” va “Bosmachilik” iboralari keng ishlatilgan. Bu iboralar milliy ozodlik harakatining mohiyatini soxtalashtirish, ajdodlarimizning sovet rejimi va bolsheviklar hukmronligi hamda qizil armiyaning bosqinchilik siyosatiga qarshi olib borgan kurashlarini niqoblash uchun buyuk davlat shovinistlari tomonidan o’ylab topilgan hamda “banditlik”, “qaroqchilik” degan so’zlar bilan asossiz ravishda bir qatorga qo’yilgan.