BOSTON

BOSTON — AQSh ning shimoli sharqidagi shahar, Massachusets shtatining ma’muriy markazi. Yangi Angliyaning asosiy iqgisodiy markazi. AQShning yetakchi sanoatmoliya va madaniyati rivojlangan shaharlaridan. Aholisi 574 ming kishi, shahar atrofi bilan birga 4 million (1990-yillar o’rtalari). AQSh tarixida 1773 yilgi «Choy g’alayoni» bilan mashhur, bu g’alayon shimoliy Amerikadagi mustamlakalarning ozodlik uchun olib borgan urushlari odsidan bo’lgan edi. Boston — Atlantika okeani sohilidagi yirik port (yuk ortib tushirish 20 million tonnadan ortiq), xalqaro aeroport bor. Shosse va temir yo’l tuguni. Muhim sanoat tarmoqlari — mashinasozlik, radioelektronika va priborsozlik, aviadvigatellar, samolyot va raketa qismlari, stanoksozlik va boshqalar. Kemasozlik, kimyo, rezina, poligrafiya, oziq-ovqat sanoati tarmoqlari ham rivojlangan. Yirik savdo markazi. Bostonda 18— 19-asrlarda qurilgan me’moriy yodgorliklar, universitetlar (Boston universiteti, Garvard universiteti), Amerika fanlar va san’at akademiyasi, nafis san’at muzeyi bor. Shaharga 1630 yilda asos solingan.

BOSTON (Fransuzcha boston, Boston shahri nomidan) — jun gazlamalarning bir turi. Tovlanadigan mayin qo’y junidan sarjali o’rilish usulida to’qiladi. Asosan, to’q ranglar (ko’k, qora, jigarrang) ga sidirg’a bo’yalgan holda ishlab chiqariladi. Odatda, Bostondan kostyum-shim, palto tikiladi.