Bosx kim?

Buyuk niderland rassomi — Ieronimus Bosx (Bos van aken) — taxminan 1460 yilda tavallud topgan va 1516 yilda hayotdan ko’z yumgan. Uning tasviriy san’at asarlari o’rta asrlar fantastikasi, folklori, satiraviy tamoyillarining, hayotiy hodisalarni realistik kuzatishning, kolorit sohasida yangicha dadil izlanishning qirralarini aks ettiradi. U o’z mo’yqalami yordamida tasvirlagan ajinalar va do’zaxiy ro’dapolari kartinalarini tomosha qilgan kishiga huzur baxsh etish o’rniga ko’pincha uni cho’chitib yuboradi. Uning ijodiy a’moli dadil, nozik va go’zal edi. O’z asarlarini u ko’pincha bir zarbda chizgan, shunday bo’lsa-da, uning kartinalari ulug’vor edi va bo’yoqlari sobit edi. Xuddi burungi mo’yqalam sohiblari singari u ham kartinalarini matoning oq bo’yoqli qatlamiga astoydil chizib olishni va bundan tashqari, bo’yoq qatlamini ba’zi o’rinlarda ochih qoldirgan holda jism-matoni yupqa tus bilan qoplashni odat qilib olgandi. Uning eng mashhur kartinalari — «Ayo Antoniy vasvasasi», «Pichan tashish» va «Ishrat bog’i» triptixlari. O’rta asrlar shoiri Lampsoniusning daho Bosxning ijodini tavsiflovchi bir necha misralarini keltiramiz: «Sen yerosti shohligining parvoz qilayotgan sharpalarini ko’rmayotirmisan? Agar sen jahannam qa’rida yashirin narsalarni ham xuddi shunday yaxshi tasvirlay olganingda edi, fikrimcha, senga makkor Plutonning qa’rlari ham, do’zax kulfatxonalari ham ochilgan bo’lur edi».