Gollandiya rassomchilik maktabining eng buyuk namoyandasi kim bo’lgan?

Leydenda tavallud topgan Rembrandt Xarmens van Reyn (1606-1669) — shubhasiz, Gollandiya rassomchilik maktabining eng buyuk namoyandasi — o’z ijodiy hayotining katta qismini Amsterdamda o’tkazdi, bu yerda uning portretchilik iste’dodi endigina paydo bo’lgan Gollandiya Respublikasining badavlat savdogarlari orasida ulkan muvaffaqiyatlar qozondi. Rembrandt o’zining o’smirlik pallalarida yaratilgan aksariyat avtoportretlaridan nur-ko’lanka uyini, yuz ifodasi, holatlar va liboslarning rang-barangligini astoydil o’rganishda foydalanadi. To’plangan tajribalardan u rasmiy zotlarning portretlarida ham, oddiy fuqarolar suvratlarida ham, asotiriy va diniy syujetdagi asarlarida ham o’rinli istifoda etadi. Umrining so’nggi yillarida uning kartinalari, gravyuralari va suvratli uslubi sezilarli o’zgaradi. «Xochdan tushirish» (1633) dramatizmi o’rnini endilikda balog’at va komillik muhiti egallaydi: Injil timsollaridan ikki zotaynan shunday — ayrimlar bir-birini bag’riga bosayotganlarni Dovud va Ibn Salom deb hisoblaydilar (1642), yoxud «Virsaviya» ham yetuklik ne’matlaridir. Bunday o’zgarishlarning sabablarini, ehtimol, Rembrandtning zavjasi — Saskiya (1642) ning, to’rt nafar o’g’lidan uchalasining vafot etishlari va uni oxir-oqibatda shaxsiy to’lov qobiliyatini yo’qotganligi to’g’risida o’zi e’lon qilishga majbur etgan og’ir moliyaviy ahvol bilan izohlash mumkindir. U diniy syujetlarda yaratgan asarlar musavvirning protestant sifatidagi samimiy xudojo’yligini aks ettiradi. Zamondosh bo’lmish katolik Rubensdan farqli o’laroq Rembrandt diniy his-tuyg’ularni hammaga oshkora namoyish qilmoqdan tiyiladi, istalgan kolorit nozikliklarini nihoyatda inja tuyg’ular bilan sug’organ holda Injil timsollarida teran insoniy ma’nolarni ifodalashni afzal ko’radi.