BOTUR XUNTAYJI

BOTUR XUNTAYJI, Erdeni Botur Xuntayji (? — taxminan 1660) — Oyrot xonligi hukmdori (1635 yildan). Botur Xuntayji o’z otasi Xara (qora) Xulaning siyosatini davom ettirib, Markaziy hokimiyatga itoat etishdan bosh tortgan oyrot hokimlari qarshiligini bartaraf qilgan. 1635 yil Gushixon bu kurashda yengilib, Jung’oriyadan Kukunorga ketgach, Botur Xuntayji Oyrot xonligining barcha e’tirof etgan yagona hukmdoriga aylandi. 1640 yil Botur Xuntayji tashabbusi bilan oyrot, xalxa va qalmiq mulkdorlari yig’ini uyushtirilib, unda «Mo’g’ul oyrot qonunlari» deb atalgan qonunlar qabul qilindi. Botur Xuntayji bir necha marta Rossiyaga o’z elchilarini yuborib, u bilan tinch-totuv yashash va savdo-sotiqni rivojlantirishga intilgan.