BOYCHECHAK

BOYCHECHAK (Gageastipitata) — piyozdoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’t. Bo’yi 7-20 santimetr. Ildiz bo’g’zi bargi bitta, ipsimon, yashil, tuksiz, uzunligi o’simlikning bo’yiga teng keladi. Poya barglari navbat bilan joylashgan, pastkilari qalami yoki qalaminashtarsimon, poyani bir oz o’rab turadi. Gulqo’rg’oni 6 ta, oddiy tojsimon, tutashmagan, sarg’ish, 5-7 millimetr uzunlikdagi gulbarglardan tashkil topgan. Changchisi 6 ta, gulqo’rg’oniga nisbatan sal qisqa. Tugunchasi 3 uyali. Ko’sakchasi bandchali, gulqo’rg’ondan 1,5 baravar qisqa. Boychechak bahor darakchilaridan biri. Fevral—mart oylarida gullab, meva beradi. Cho’l va adirlarning soz tuproq, qumloq hamda Toshloq tuproqli yerlarida o’sadi. Boychechak Afg’oniston va Eronda ham uchraydi. O’zbekistonning ayrim joylarida za’faron (Crocus alatavicus) va Savrinjon (Colchicum liteum)ni ham Boychechak deb atashadi.

«BOYCHECHAK» — mavsumiy marosim qo’shig’i. Turkiy xalqlarda qadim zamonlardan kattalar, keyinchalik bolalar tomonidan kuylab kelingan. Bolalar erta bahorda dala va bog’lardan boychechaklar terib, undan guldastalar yasaganlar, tol navdalaridan chambarlar qilib, boshlariga kiyganlar hamda guldastalar ko’targan holda uymauy yurib, «Boychechak» qo’shig’ini aytganlar, uy egalariga gullar ulashganlar. Bolalardan biri asosiy to’rtliklarni kuylagan, qolganlari naqarotni jo’r bo’lib ijro etishgan. Shu tariqa uy egalaridan sovg’asalomlar olishgan. «Boychechak» qo’shiqlarida dehqonlar ekin-tikin ishlarini boshlashga, chorvadorlar chorvasini qishlovdan yaylovga ko’chirishiga da’vat qilingan. Ko’klamga xos tabiat hodisalari, xalq an’analari shavq-zavq bilan tarannum etilgan.