BOZOR

BOZOR — 1) sotuvchilar bilan xaridorlar o’rtasidagi tovar ayirboshlash munosabatlari; ishlab chiqarish bilan iste’molni o’zaro bog’lovchi mexanizm. Bozor ob’yekti nafligi bor tovar va xizmatlar, sub’yekti esa Bozor ishtirokchilari (sotuvchi va xaridorlar) bo’lib, ular firmalar, uy xo’jaliklari, davlatning tashkilot, idoralari va boshqalardan iborat. Bozor ishtirokchilari tovar va xizmatlarni pul vositasida ayirboshlash yuzasidan munosabatlarga kirishadilar. Bozorda tovarlar bilan oldi-sotdi munosabatlari tovar ishlab chiqarish, tovar ayirboshlash va pul muomalasi qonunlariga binoan amalga oshiriladi. Bozor ishtirokchilari sotuvchi hamda xaridor maqomiga ega bo’ladilar. Bozorda 2 jarayon amalga oshadi: biri — tovarlarni sotish, bunda tovar pulga almashadi, ya’ni T—P; ikkinchisi — tovarni xarid etish, pulni tovarga ayirboshlash, ya’ni P—T. Ayirboshlash ixtiyoriy va erkin shakllangan narxlarda olib boriladi. Bozor iqtisodiyotda ishlab chiqarishni iste’mol bilan bog’lash (yaratilgan tovarlar va xizmatlar Bozorga chiqadi, u yerda sotilgach, iste’molga kelib tushadi); qiymatning tovar shaklidan pul shakliga aylantirish; ishlab chiqarishning uzluksizligini ta’minlash (yaratilgan tovarlar va xizmatlar Bozorda sotilgach, tushgan pulga ishlab chiqarish uchun zarur iqtisodiy resurslar, chunonchi asbob-uskunalar, mashinalar, yoqilg’i, ish kuchi sotib olinib, ishlab chiqarishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.); iqtisodiyotni tartiblash (nimani, qanday ishlab chiqarish, kim uchun ishlab chiqarish); mamlakatlar o’rtasida iqtisodiy hamkorlik o’rnatish singari vazifalarni bajaradi. Bunda talab va taklif, shunga muvofiqligini o’zgarishiga qarab ishlab chiqarish yuritiladi. Talab oshib narx o’ssa, ishlab chiqarish ko’payadi, aksincha, taklif oshib talab kamaysa, ishlab chiqarish qisqaradi. Bozor o’z ishtirokchilari mavqeiga qarab erkin va monopol Bozorga ajraladi. Erkin Bozorda sotuvchilar ham, xaridorlar ham ko’p bo’lib, narxlar talab va taklif negizida shakllanadi. Monopol Bozorda ozchilik sotuvchilarning hukmronligi o’rnatilgan bo’lib, narxlar faqat shularning manfaatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bunday Bozorlar raqobotning sustligi yoki umuman bo’lmasligi bilan ajralib turadi. Ayirboshlash ob’yektining moddiy shakli jihatidan olganda iste’mol tovarlari va xizmatlar, resurslar, mehnat, moliya, intellektual tovarlar, qurol-aslaha, ishlab chiqairhs vositalari, investitsiya, qimmatli qog’ozlar, ilmiy g’oyalar, texnikaviy ishlanmalar va mehnat (ish kuchi) Bozorlari mavjud. Bozor o’z qamrov doirasiga qarab mahalliy, mintaqaviy, milliy va jahon Bozorlariga bo’linadi. Tovarlarning chetdan kelish kelmasligiga qarab ochiq Bozor, yopiq Bozor (ichki Bozor) singari turlari uchraydi. Oldi-sotdi miqdori, ya’ni tovar aylanmasi hajmining o’zgarishiga qarab kengayuvchi Bozor va torayuvchi Bozorga bo’linadi. Amal qilish tarzi jihatdan tartibsiz (stixiyali), rejali tashkil etilgan va boshqariladigan Bozorlar mavjud. Stixiyali Bozordan tartibli, rejali tashkil etilgan Bozorga o’tish madaniylashgan jamiyatga xos. Hozir hech bir mamlakatda tartibsiz Bozor hukmron emas, aksincha boshqariladigan Bozor yetakchi mavqega ega. Iqtisodiyot o’sgan sari Bozor turlari ko’payadi, chunki sotiladigan tovarlar va xizmatlar xilma-xil bo’lib boradi, xaridor ham o’z daromadi, didi, umuman talab ehtiyojiga qarab tabaqalashadi, Bozorda sotiladigan tovarlar va xizmatlar summasi ortib boradi. 2). Savdo-sotiq qilinadigan muayyan joy, maydon. Bozorlar qadimgi Rim va Yunonistonning Milet, Pergam va boshqa shaharlarida to’g’ri to’rtburchakli maydonda 3 yoki 4 tomoni qator ustunli savdo rastalari va omborlar, ibodatxonalar, ustaxonalar va boshqalardan iborat bo’lgan. Bozor maydonlari shahar majmua (Agora, forum)larining bir qismi hisoblangan. Har bir mamlakat Bozorlarining me’morligi va qurilishi iqlim sharoiti, iqtisodi, geografik o’rni va savdo sohasidagi an’analar bilan bog’liq bo’lgan. O’rta yer dengizi havzasida qadimda ochiq maydonlarda, Sharqda esa usti yopiq Bozorlar rivojlangan («suq», «asvok», «Chorsu»; Turkiya va Eronda «xon», «bediston» nomi bilan yuritilgan). Yevropada Bozorlar maxsus reja asosida qurilgan (Parijdagi Markaziy Bozor, 1850 va boshqalar). Rossiyada ixtisoslashgan Bozor («Gostiniy dvor»)lar asosan, 1-2 qavatli, old tomoni ko’pincha ravoqlar yoki ustunlar qatoridan iborat bostirma bo’lgan (Sankt Peterburgdagi Bozor, 1761— 85; Yaroslavldagi Bozor, 1813-18 va boshqalar). O’rta Osiyo hududidagi Buxoro, Samarqand, Poykend, Urganch, Xiva, Marv, Numijkat, Isfijob, Ushturkat, Chag’oniyon kabi shaharlarda savdo-sotiq qadimdan rivojlangan. Ayniqsa, o’rta asrlarga kelib nafaqat shaharlarda, balki juda ko’p yirik qishloqlarda ham Tim, toki, Chorsu deb nomlangan gavjum bozorlar bo’lgan (Qarnob cho’l yoqasidagi, Narpay tumanidagi katta qishloq Tim deb ataladi. 10-asrda bu manzil katta savdo markazi bo’lgan, uning TIMI saqlanmagan). Gumbazli timlar eng gavjum chorraha chorsularda joylashgani uchun ham shaharning me’moriy qiyofasini belgilagan. Yengil yog’och tomli, ustun ayvonli timlar ham ko’p bo’lgan. Chorrahalarda qurilgan Tim, Chorsu namunalarini Samarqand va Shahrisabz (17-asr), Xiva (Olloqulixon TIMI), Buxoro (Abdullaxon tilsh)dagi timlar misolida kuzatish mumkin. Samarqand Chorsu Bozori atrofida miskarlik, kulolchilik, sangtaroshlik, mahsido’zlik, najjorlik, sahhoflik, zargarlik kabi do’konlar joylashgan. Chorsu Bozori gumbazli qilib qurilgan. Savdo do’konlarida matolar, ulardan tikilgan kiyim-kechaklar sotilgan. Rastalarda esa ho’l mevalar va anvoyi shirinliklar ko’p bo’lgan. Shahrisabzdagi ulkan gumbazli Chorsu Bozori (1598-1602)ning to’rt tomonida qo’sh tabaqali darvozasi bor edi. Gumbaz ostidagi savdo rastalari bo’ylab to’rt burchakli xonalar joylashgan. Bozorlarda savdo rastalari muayyan mollar yoki hunarmandchilik mahsulotlariga mo’ljallangan. Ba’zan mahsulot shu yerning o’zida ishlab chiqarilib xaridorlarga sotilgan. Masalan, Buxoro zargarlar rastasi (Toqi Zargaron), Sarroflar rastasi (toki Sarrofon), Miskarlar rastasi (Toqi Miskaron) va boshqalar. O’rta asrda Toshkentning Markaziy Bozorida 3 mingdan ortiq do’kon maxsus rastalarga joylashgan. Xorazm vohasidagi Xiva Bozorida 260 do’kon, Urganchda 300, Qo’ng’irotda 315, Xo’jaylida 150 ga yaqin do’kon bo’lgan. Shahar va qishloqlarda muayyan kunga belgilangan (seshanba, chorshanba, juma kabi) katta Bozorlar bo’lib, ularga butun Markaziy Osiyo va chet ellardan savdogarlar kelgan. Bozorda savdogar, do’kondor, kosib, dehqon va mayda bozorchilar savdo qilishgan. Bozor do’konlarini eng boy savdogar va qunarmandlar egallagan. Bunday Bozorlardagi yirik karvon saroylar va ombor (kappon)lar ulgurji savdo markazlari hisoblangan. Karvonsaroylarning soniga qarab hatto savdo-sotiqning hajmi belgilangan (masalan, Toshkentda 45, Buxoroda 50 ga yaqin, Samarqandda 25, Xiva va Qo’qonda 10 dan ortiq karvonsaroylar bo’lganini va ularda savdo-sotiq ancha rivojlanganligi yozma manbalardan ma’lum). Karvonsaroylarda va savdo rastalarida savdo ishlarida xizmat qiladigan qorovul, hammol, farrosh, yuk tashuvchi va joylashtiruvchi mardikorlar ko’p bo’lgan. Yirik savdogarlar maxsus mirzolarni saqlagan. Mirzolar barcha savdo ishlarini, ayniqsa ulgurji savdoni rasmiylashtirishda bevosita ishtirok qilgan. Hisobkitob ishlarini kosid boshqargan. Yirik savdogarlar maxsus jamoaga birikkan. Uni jamoa a’zolarining eng obro’li katta savdogarlar orasidan saylangan oqsoqol karvonboshi boshqargan. Jamoaga savdogarlar tabaqasining yirik namoyandalari kirgan. O’z navbatida ayrim savdo rastalari birikib shu rastadagi do’konlardan o’zining oqsoqolini (ba’zi joylarda rais ham deyiladi) saylaganlar. Oqsoqol savdo tartiblari va qoidalariga amal qilinishini kuzatib, xaridorlar va savdogarlar orasidagi mojaroning hal qilinishiga, ba’zan tashqaridan kelgan molning do’konlar orasida odilona tarqatilishiga bosh bo’lgan. Buxoro amirligi va Xiva xonligi bilan Rossiya o’rtasidagi savdo aloqalari ayniqsa Zakaspiy temir yo’l qurilgach, ancha rivojlangan. Toshkentdagi eski jo’va Bozori karvonlar kelibketadigan yirik savdo markazi bo’lgan. Shaharning barcha darvozalaridagi yo’llar Bozorga kelib taqalgan. Atrofida karvonsaroy, omborxona, ustaxonalar, do’konlar va boshqalar joylashgan. 19-asr 2-yarmidan boshlab bu yerda sanoatchi boylar o’z do’konlari, omborlari va idoralarini qurishgan. Farg’ona vodiysida o’zining kattaligi va savdo aylanmasi jihatidan Qo’qon Bozori alohida ajralib turadi. O’zining obodonligi va qulayligi bilan Buxoro Bozori. mintaqada birinchi o’rinda turgan. Ipak gazlamalari bilan butun Sharqda tanilgan Marg’ilonda qator-qator tizilgan do’konlar (ko’cha bo’ylab 2,5 kilometrgacha cho’zilgan)da savdo-sotiq qilingan. O’rta Osiyoda mustaqil davlatlarning paydo bo’lishi xususiy mulkchilikni qayta tiklab, savdo erkinligiga keng yo’l ochib berdi. Jumladan O’zbekistonda Bozor iqtisodiyotining hayotga tatbiq qilinishi an’anaviy savdoni yangi zamonaviy uslub va vositalar bilan boyitib, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojiga katta yo’l ochib berdi. Mustaqil O’zbekiston barcha chet el mamlakatlari bilan o’z manfaatiga qarab erkin, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va savdo aloqalarini o’rnatdi va bu sohada yangi-yangi yo’llarni topishda tinmay izlanmoqda. O’zbekiston Respublikasida Bozor faoliyatini rivojlantirish yo’lida juda ko’p yangi savdo uyushmalari, kontsern va firmalar paydo bo’lmoqda, davr talabiga javob bera oladigan iste’dodli ishbilarmonlar safi ko’paymoqda. Bozorlar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Andijon kabi yirik shaharlarning markazida me’moriy yechimlari o’ziga xos milliy an’analar asosida yaratilmoqda. Bozorlar shaharni bog’lab turuvchi asosiy shohko’chalar, yirik savdo inshootlari majmuasi va turar joy massivlari, temir yo’l, avtovokzal yaqinida va mikrorayonlar markazida joylashtirilmoqda. Bozorlar an’anaviy qator ustunli bostirmalar, gumbazli, toq va Tim, soyabonsimon, oynaband uslubida barpo etilmoqda. Bularda sotuvchi va xaridorlarga qulaylik yaratish maqsadida savdo rastalarining atrofida do’konlar, madaniy-maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mujassamlashtirilgan holda qurilmoqda. Bozor hududida ko’p tarmoqli savdo do’konlari, choyxona, dehqonlar mehmonxonasi, muzlatkichli omborxonalar, yuk ko’targich, nonvoyxona va boshqa mavjud. Toshkentdagi «eski jo’va», «Oloy», «Qo’yliq» Bozorlari, Buxoro bozori, Samarqanddagi «Siyob», Urgutdagi «Urgut» va boshqa an’anaviy va zamonaviy me’morlikni o’zida mujassamlantirgan eng yirik Bozorlardan. Hozir O’zbekistonda Bozor asosiy sotiladigan mahsulotlarga ko’ra dehqon bozori (qishloq xo’jalik mahsulotlari), buyum Bozori, ulgurji Bozor, mol (chorva mollari) Bozor kabi asosiy turlarga bo’linadi. Ad:. To’xliyev N., Osiyo va bozor, T., 1992; O’lmasov A., Iqtisodiyot asoslari, T., 1997. Ahmadjon O’lmasov, Muhammadamin Rasulov, Hamza Ubaydullayev.