BOZOR IQTISODIYOTI MODELLARI

BOZOR IQTISODIYOTI MODELLARI — bozor iqtisodiyotining turlari. Bozor iqtisodiyoti modellarining iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarga xos bo’lgan aralash iqtisodiyot, ijtimoiy bozor xo’jaligi va korporativ iqtisodiyot ko’rinishlari mavjud. Aralash iqtisodiyot modeli — bozor iqtisodiyotining yuksak mehnat unumi, ne’matlar to’kinchiligini ta’minlaydigan, eng mukammal texnologiya va yuqori malakali ish kuchiga ega bo’lgan turi. Bu modelda mulkiy xilma xillik mavjud bo’ladi; xususiy mulkning individual va hissabay shakllari ustuvorlik qiladi, davlat va nodavlat mulki, iqtisodiyotning davlat va nodavlat sektorlari taraqqiy etadi. Yirik, o’rta va kichik biznes muvozanatli holatda rivojlanadi. Bozor munosabatlari bilan birgalikda nobozor munosabatlari ham mavjud bo’ladi. Bu esa sahovat va xayr ehson ishlarining keng rivojlanishiga zamin yaratadi, raqobat bilan birgalikda hamkorlik aloqalari yuzaga keladi. Iqtisodiyotni boshqarishda bozor mexanizmi bilan bir qatorda davlat mexanizmi ham qo’llanadi. Mazkur modelga ommaviy farovonlik xos bo’lsada, ijtimoiy tafovutlar cheklanmaydi, davlat daromadlarni qayta taqsimlashda faol ishtirok etmaydi, bu vazifalarni bozor mexanizmi bajaradi. Aralash iqtisodiyot modeli AQSh, Angliya, Frantsiyada mavjud. Ijtimoiy bozor xo’jaligi modeli — yuksak texnologiyaga va inson omilining kuchiga tayanib yuqori mehnat unumdorligini, umuman, bozorning to’kin bo’lishini ta’minlaydi. Iqtisodiyoti bu modelga tayangan mamlakatda bozor xo’jaligi tabiiy tarixiy rivoj topadi, ishlab chiqarish bozor talablariga javoban ish olib boradi, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi minimal darajada saqlanib qoladi, iqtisodiyot bozor kuchlari ta’sirida tartiblanadi va to’la erkinlashgan bo’ladi. Mazkur model «iqtisodiy tartib» modeli hisoblanadi. Bozordagi faoliyat tartib qoidalarini qonunlar belgilaydi, iqtisodiyot bozor mexanizmiga buysunadi, davlat iqtisodiyotning oliy hakami sifatida faoliyat ko’rsatadi, lekin o’zi bu jarayonda qatnashmaydi. Bu modelda iqtisodiyotning davlat sektoridan ko’ra xususiy sektoriga ko’proq e’tibor beriladi. Iqtisodiyotning ijtimoiy yo’nalishini bozorning o’zi belgilaydi. Har bir iqtisodiyot sub’yekti bozor qoidasiga ko’ra ishlab topgan daromadini oladi, davlat daromadlarning taqsimlanishiga kamdankam aralashadi, lekin daromadlarni shakllantirishda bozor tamoyillariga rioya etilishini, bozor mexanizmining belgilangan tartibda faoliyat ko’rsatishini ta’minlaydi. Ijtimoiy bozor xujaligi modeli Germaniya, Shvesiya va boshqa mamlakatlarda mavjud. Korporativ iqtisodiyot modeli — korporativ manfaatlar va korporativ hamjihatlikka asoslangan bozor iqtisodiyoti bo’lib, ilg’or texnologiya, yetuk ish kuchidan foydalanib mehnat unumdorligi va aholi jon boshiga mahsulot ishlab chiqarishni ko’paytiradi. Asosiy e’tibor korporativ guruhiy manfaatlarga qaratiladi, iqtisodiyot korporasiyalar orqali boshqariladi. Korporasiyalar aktsiyador jamiyatlar tarzidagi turli sanoat, savdo, transport, qurilish sohasidagi birlashmalarga aylanadi, ularning ba’zilari hatto transmilliy korporasiyalar darajasigacha o’sib, xalqaro ahamiyat kasb etadi. Korporasiyalar ishlab chiqarishning asosiy sohalarini qamrab oladi, ularning xorijiy shoxobchalari ham ko’payib boradi. Xususiy mulkning korporativ shakli ustuvorlik qiladi. Korporativ iqtisodiyot modelida korporatsiya manfaatlari birinchi o’ringa qo’yiladi, individual manfaatlarga faqat korporatsiya doirasida erishiladi va shu doirada ilmiy tadqiqot, texnikloyiha ishlari ham olib boriladi. Muammolarning korporasiya doirasida hal etilishi korporatsiyaga sadoqat, korporativ vatanparvarlik hissiyotini tarbiyalaydi. Korporatsiya hodimlar uchun yuksak turmush darajasini kafolatlaydi, xodimlar esa bunga javoban ishlab chiqarish samaradorligining yuqori bo’lishini ta’minlaydilar. Korporatsiya xodimlarning oila a’zolarini ham ish bilan ta’minlashni, qarilikda yaxshi pensiya va bir yo’la katta summada mukofotlar berishni zimmasiga oladi. Xodimlar bilan menejerlar o’rtasida inoqlik bo’ladi. Bunday chora-tadbirlar ijtimoiy hamjihatlikni ta’minlab, ish tashlash va boshqa noroziliklarga o’rin qoldirmaydi. Bozor iqtisodiyotining korporativ modelida iqtisodiyotning korporativ sektori xalq xo’jaligining tayanchi hisoblanadi, ammo iqtisodiyotning ikkilamchi va etakchi bo’lmagan sohalarida nokorporativ sektor ham saqlanib qoladi. Korporativ modelda ham kichik biznes mavjud, ammo uning mustaqilligi juda chegaralanadi, u deyarli korporasiya izmida bo’ladi, uning buyurtmalarini bajaradi. Qishloq xo’jalik korporatsiya doirasiga tortilmaydi. Korporativ iqtisodiyot ustuvor bo’lgan mamlakatlarga Yaponiya misol bo’la oladi. Ad:. Karimov I., O’zbekiston — bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos yo’li, T., 1993; Karimov I., O’zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo’lida, T., 1995; Teoreticheskaya ekonomika. Politekonomiya, M., 1997; Ekonomika, M., 1997; kurs ekonomiki, M., 1997; O’lmasov A., Sharifxujayev M., Iqtisodiyot nazariyasi; T., 1995; Tuxliyev N., Taksanov A. Nasionalnaya Ekonomicheskaya model Uzbekistana T., 2000. Ahmadjon O’lmasov.