BOZOR MUVOZANATI

BOZOR MUVOZANATI — bozordagi talab va taklifning miqdoran va tarkib jihatidan bir-biriga muvofiq kelishi. Bozor muvozanati bir lahzalik (o’zgarmas taklifda), qisqa muddatli (tashkilot yoki firmalarning o’zgarmas miqdori va ishlab chiqarish hajmining o’zgarishi) va uzoq muddatli (iqtisodiy shart-sharoit tashkilot, firmalar va mavjud talabning zamonaviy darajasiga muvofiq kelganda) bo’lishi mumkin. Talab va taklif uzoq vaqt bir-biridan ajralib qolsa, Bozor muvozanati buziladi. Umuman olganda Bozor muvozanati hamma tovarlarga nisbatan va uzoq vaqt bo’lishi mumkin. Ammo juz’iy va ayrim tovarlarga nisbatan moslikning buzilishi muqarrar. Chunki ehtiyojning yuksalishi bilan yangi talab paydo bo’ladi va u darhol qondirilmaydi. Bozor muvozanatini ta’minlashning asosiy yo’llari: Tovar ishlab chiqarishni talab darajasiga yetkazish orqali bozorni to’ydirish; yetarli tovarlar zaxirasini barpo etish; talabgir tovarlar narxini oshirish, o’tmay turgan tovarlar narxini pasaytirish; eksport va importning ortishi yoki kamayishi; aholi daromadlarining tovarlar va xizmatlar ko’payishiga qarab ortib borishi; mehnat unumdorligining ish haqiga nisbatan tezroq o’sishi. Bozor muvozanati ma’rifatli jamiyatda narxlar bilan bozorni tartibga solish orqali ta’minlanadi.