BRAZILIYA
BRAZILIYA (Brasil) Braziliya Federativ Respublikasi (Republica Federativa do Brasil) — Janub Amerikadagi eng katta davlat, qit’aning Sharqiy va Markaziy qismlarida, Atlantika okeani sohilida joylashgan. Ma’muriy jihatdan 26 shtat va federal (poytaxt) okrugga bo’linadi. Maydoni 8512 ming kilometr kvadrat. Aholisi 162,6 million kishi (1996). Poytaxti — Braziliya shahri. Davlat tuzumi. Braziliya — Federativ respublika. Amaldagi Konstitutsiya 1988 yil 5 oktabrda qabul qilingan; 1994 yil mart va 1997 yil iyunda tuzatish kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident. Prezident bilan vitseprezident aholi tomonidan to’g’ri va yashirin ovoz berish orqali 4 yil muddatga saylanadi. Prezident ketma-ket ikkinchi muddatga saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — Milliy Kongress (parlament). Parlament ikki palata: deputatlar palatasi va federal Senatdan iborat. Ijroiya hokimiyatni prezident va u tuzgan hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Braziliyada Atlantika okeani sohili bo’ylab ko’pdan ko’p qo’ltiqlar va ko’rfazlar uchraydi. Mamlakat hududining yarmidan ko’prog’ini Braziliya yassitog’ligi ishg’ol etgan (eng baland nuqtasi Bandeyra tog’i, 2890 metr); o’rtacha balandligi 600— 800 metr bo’lgan bu tog’lik Braziliyaning janubiy sharq va Janub tomonlarini egallab yotadi. Braziliya shimolda Gviana yassitog’ligi joylashgan. Shu yassitog’liklar orasida keng Amazonka paettekisligi bor. Mamlakatning Janub va Janubig’arbiga LaPlata pasttekisligining bir qismi kirib kelib, okean sohilida kambar pasttekislikni hosil qiladi. Braziliyada polimetall, oltin, temir rudasi, nodir metallar, marganes rudasi, boksit, neft, toshko’mir, tuz konlari va boshqa konlar bor. Braziliya iqlimi ekvatorial, issiq va nam. O’rtacha oylik temperatura 16— 29′. Amazonka pasttekisligida yiliga 2000-3000 millimetr, tog’yon bag’irlarida 1500-2000 millimetr, sohilda 3000 millimetr, tog’ tepalarida esa 500 millimetr yog’in yog’adi. Braziliyada daryo juda ko’p. Eng yirik daryolari: Amazonka, Parana, San Fransisku, Urugvay. Amazonka va uning g’arbiy irmoqlarida kema qatnaydi. Braziliyada nam tropik o’rmonlar (gileya yoki selvaslar), tropik dashtlarda savanna o’rmonlari (Kampos), qizil laterit tuproqlarda o’sadigan o’rmonlar ko’p tarqalgan. Braziliya qattiq yog’ochli daraxtlar zaxirasi bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda turadi. Umuman mamlakat hududining 38% o’rmonlar bilan qoplangan. Botqoqlik ko’p. Hayvonlardan chumolixo’r, zirhlilar, Yoldor bo’ri, nandu tuyaqushi, har xil kemiruvchilar, parrandalar, sudralib yuruvchilar va hasharotlar ko’p uchraydi. Braziliya hududida Iguasu, Itatiaya, Pauluafonsu, Serradusorgans kabi yirik milliy bog’lar va bir necha qo’riqxona bor. Aholisi. Braziliya aholisining asosiy qismi (95% dan ko’prog’i) brazillar. Braziliyada Yevropa va Osiyo mamlakatlaridan kelgan bir necha million kishi, jumladan nemislar, italyanlar, portugallar, yaponlar, ispanlar, polyaklar, livanliklar, suriyaliklar ham yashaydi. Tub joy xalqi — indeyslar ko’plab qirib yuborilgan, bir qismi boshqa xalqlar bilan qorishib ketgan. Omon qolgan indeys qabilalari mamlakat ichkarisidagi xilvat joylarda yashaydi. Shahar aholisi 75,5%ni tashkil qiladi. Davlat tili — portugal tili. Dindorlar asosan katoliklardir. Eng yirik shaharlari: SanPaulu, RiodeJaneyro, Beluorizonti, Resifi, PortuAlegri, Salvador, Fortaleza, Kuritiba, Belen, Braziliya, Kampus, Niteroy, Manaus. Tarixi. Braziliya hududida insonning paydo bo’lishi neolit davriga to’g’ri keladi. 16-asrgacha Braziliyada bir necha yirik indeys qabilalari yashagan. Ular ko’chmanchi hayot kechirgan, tupiguarani qabilasigina o’troq yashagan. Indeys qabilalari ovchilik, baliqchilik bilan bir qatorda dehqonchilik ham qilishgan. 16-asr boshlarida tupiguarani jamoalarida mulkiy bo’linish davri boshlangan. 1500 yil aprelda Portugaliyalik dengizchi P. Kabral B. qirg’oqlariga bordi va yangi yer ochganligini va u Portugaliyaga qarashliligini e’lon qildi. Kabral sayohatidan 10 yil keyin portugallar Braziliyadan qimmatbaho qizil daraxt — «Brazil»ni (Braziliya nomi ham shunday kelib chiqqan) jahon bozorlariga olib borib sota boshladilar. Braziliya kashf etilgach, u uzoq vaqt Portugaliya bilan Frantsiya o’rtasida talash bo’lib keldi, 1516 yildagina bu mojaro Portugaliya foydasiga hal bo’ldi. 1532-36 yillarda Braziliya qirg’oq joylari kapitanlik deb ataladigan 13 ma’muriy hududga bo’lindi. 1549 yil Braziliyaning asosiy shahri bo’lgan Baiya (hozirgi Salvador)da gubernatorlik tashkil etildi. 16-asrning 70-yillaridan boshlab portugallar Afrika qit’asidan keltirilgan ko’plab negrlarni qul qilib sota boshladi; qullar plantasiyalarda ishlatilardi. Braziliyada portugallar zulmiga qarshi milliy ozodlik kurashlari uzoq davom etdi. 1720 yilda Minas Jerays viloyatida Felipi dus Santus boshchiligida qo’zg’olon ko’tarildi. 1797 yil Baiya viloyatida milliy ozodlik harakati kuchaydi. 1807 yil Portugaliyaga Napoleon qo’shinlari bostirib kirgach, Portugaliya qiroli Rio de Janeyroga qochib ketdi. Braziliya monarxiya markaziga aylandi (1808-21). 1820 yilgi Portugaliya burjua inqilobi Braziliyada mustaqillik uchun kurashning yanada avj olishiga sabab bo’ldi. 1822 yil 7 sentabrda Braziliya mustaqil imperiya deb e’lon qilindi. 1888 yil Braziliyada quldorlik bekor etildi. 1889 yil monarxiya tugatilib, Braziliya Federativ respublika deb e’lon qilindi. 19-asrning oxiri va 20-asr boshlarida Braziliyaga chet el sarmoyasi, xususan AQSh monopoliyalari kirib kela boshlagach, sanoatning ayrim tarmoqlari rivojlana boshladi. 1-jahon urushi davrida Braziliya Antanta tomonida turib urushga kirdi. 20-yillar Braziliya xalq ommasining demokratik erkinliklar uchun kurash yillari bo’ldi. 1924 yilda Braziliyaning barcha shtatlarida qo’zg’olonlar ko’tarildi. 1930 yilgi davlat to’ntarishi natijasida J. Vargas hokimiyat tepasiga keldi. Uning hukmronligi yillarida demokratik va taraqqiyparvar kuchlarga qarshi kurash boshlanib, mamlakatning AQShga iqtisodiy va siyosiy qaramligi kuchaydi. 1942 yil avgustda Germaniyaga qarshi mamlakatlar tomonida turib 2-jahon urushiga kirdi. Fashistlar Germaniyasining tor-mor etilishi Braziliyada demokratik harakatni kuchaytirdi. 1945 yil oktabrda yangi davlat to’ntarishi bo’lib, harbiy diktatura o’rnatildi. 1946 yil general E. G. Dutra hukumat boshlig’i bo’ldi. 1950 yilgi prezident saylovida yana J. Vargas prezidentlikka saylandi. 1953-54 yillarda hukumat xalq ommasi talabi bilan neft sanoatini davlat qo’liga oldi va ishchilarning ish haqini bir oz oshirdi. Hukumatning bu tadbiri Braziliya reaktsion doiralarining yangidan bosh ko’tarishiga olib keldi. Bundan qo’rqqan Vargas 1954 yil 21 avgustda o’zini otib o’ldirdi. 1955 yil sentabr oyidagi prezident saylovida hokimiyat tepasiga sotsial-demokratik partiyaning vakili J. Kubichek keldi. Kubichekning prezidentlik davri (1956-60) da, bir tomondan Braziliya iqtisodiyotiga chet el sarmoyasining ko’plab kirib kelishiga yo’l ochilgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, Braziliyaning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlovchi qator tadbirlar o’tkazildi, neftni davlat monopoliyasiga aylantirish uchun kurashildi, AQShga atom xom ashyolari sotish haqidagi shartnoma bekor qilindi. 1960 yilgi saylovda Xristian-demokratik partiya va Milliy demokratik ittifoq blokining nomzodi J. Kuadros prezidentlikka saylandi. 1961 yil avgustda Kuadros reaktsion kuchlar tazyiqi bilan iste’fo berishga majbur bo’ldi. 1961 yil 7 sentabrda J. Gulart prezidentlik lavozimini egalladi. 1964 yil aprelda yangi davlat to’ntarishi o’tkazilib, marshal Umberto Kastelo Branko hokimiyat tepasiga keldi. Branko hukumati Gulart hukumati o’tkazgan barcha ilg’or tadbirlarni bekor qildi; 1967 yil mart oyida marshal Arturda KostaeSilva prezident qilib saylandi. Uning hukumati mamlakatdagi siyosiy tanglikdan qo’rqib milliy xavfsizlik haqida qonun qabul qildi va juda keng vakolatlarga ega bo’lgan Milliy xavfsizlik kengashini tashkil etdi. Umuman 1985 yilgacha Braziliyada hokimiyat harbiylar qo’lida bo’ldi. 1994 yilda saylangan prezident Fernandu Enriki Kardozu 1995 yil 1 yanvarda o’z lavozimini ijro etishga kirishdi. Braziliya— 1945 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1993 yil 30 aprelda o’rnatgan. Braziliyaning milliy bayrami — 7 sentabr— Mustaqillik e’lon qilingan kun (1822). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Braziliya taraqqiyparvar partiyasi, 1995 yilda bir necha islohotchi partiyalarning birlashuvi natijasida tuzildi; Braziliya trabalist partiyasi, 1980 yilda asos solingan; demokratik trabalist partiyasi, 1979 yil tuzilgan; Braziliya demokratik harakat partiyasi, 1981 yilda tuzilgan; Braziliya sotsial-demokratik partiyasi, 1988 yilda asos solingan; Liberal front partiyasi, 1984 yilda sobiq Sotsial-demokratik partiya a’zolaridan tuzilgan; Milliy qayta qurish partiyasi, 1988 yilda asos solingan; Mehnatkashlar partiyasi, 1980 yilda tuzilgan; Sotsialistik xalq partiyasi, 1992 yilda Braziliya kommunistik partiyasining «yangilovchilar» fraktsiyasi negizida tashkil etilgan. Mehnatkashlar umumiy konfederatsiyasi kasaba uyushmasi, 1986 yilda tuzilgan, 1988 yilgacha Mehnatkashlar umumiy kasaba uyushma markazi deb atalgan; mehnatkashlar yagona kasaba markazi, 1981 yilda tuzilgan. Shuningdek, sanoat ishchilari milliy konfederatsiyasi, savdo xodimlarining milliy konfederatsiyasi, kredit muassasalari xodimlarining milliy konfederatsiyasi ham mavjud. Xo’jaligi. Braziliya sanoatlashgan agrar mamlakat. Iqtisodiy salohiyati va tabiiy zaxiralari jihatidan Lotin Amerikasida etakchi o’rinda turadi. Yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushi 30,3%, qishloq, o’rmon xo’jaligi va baliqchilik 10,8% ni tashkil etadi. 2-jahon urushidan keyin Braziliya iqtisodiyotida sanoatni rivojlantirish va umuman xo’jalikni industriya asosida taraqqiy ettirish yo’lida tuzilmaviy siljishlar ro’y berdi. 60-yillardan boshlab milliy mahsulotda sanoatning ulushi qishloq xo’jaligidan oshib keta boshladi. Sanoati. Kon sanoatida temir va marganes rudalar qazib olish muhim o’rin oladi. Boksit, qo’rg’oshin, volfram, oltin, olmos, neft va tosh kumir, bir oz mikdorda qalay, rux, mis, nikel ham qazib chiqariladi. Braziliya tashqi bozorga, asosan AQShga strategik ahamiyatga molik ma’danlar — niobiy, berilliy, tsirkoniy kabilarni, shuningdek uran rudasini sotadi. Hosil qilinadigan elektr energiyaning 90% GESlarga to’g’ri keladi. Tiete va RiuGrandi daryolarida yirik elektr stansiyalar mavjud. Mahsulot ishlab chiqarish tarmoqdari orasida eng yiriklari: metallurgiya (Voltaredonda va Beluorizonti sh.laridagi zavodlar Lotin Amerikasidagi eng katta po’lat ishlab chiqarish korxonalari hisoblanadi) va mashinasozlik (jumladan, avtomobilsozlik, kemasozlik, aviasozlik, qishloq xo’jalik, radioelektronika mashinasozligi). Keyingi yillarda elektr texnika, harbiy sanoat, atom sanoati, neftni qayta ishlash sanoati, kimyo va neft kimyosi tarmoqlari (kislotalar, ma’danli o’g’itlar, sintetik tolalar, bo’yoqlar, plastmassalar) rivojlandi. To’qimachilik (asosan ip gazlama) va oziq-ovqat sanoati (qand shakar, go’sht, yog’, tamaki va boshqalar) Braziliya uchun an’anaviy sohalardir. Tsement, tsellyuloza qog’oz va oyna sanoati mavjud. Qishloq xo’jaligi. Mamlakat maydonining 3,5% ga yaqinida dehqonchilik qilinadi. Asosan Atlantika okeani sohili va Janubiy Sharqiy Shtatlarda ekinlar ekiladi. Eng muhim plantasiya ekinlari — kofe, shakarqamish kakao, banan, sizal, ananas. Janubda tamakichilik va sohibkorlik yaxshi yo’lga qo’yilgan. Asosiy oziq-ovqat ekinlari: makkajo’xori, sholi, bug’doy, soya, maniok, loviya. Asosan go’shtbop yaylov chorvachiligi, go’sht va jun olinadigan qo’ychilik rivojlangan. Dengiz va daryolarda baliq ovlanadi. O’rmonlarda kauchuk, yong’oq, mum, palma mevasi yig’ishtirib olinadi, imoratbop, qimmatbaho yog’ochlar tayyorlanadi. Braziliya yassitog’ligida «Paragvay choyi» — yerbamate yetishtiriladi. Transporti. Braziliya hududining katta qismi yo’lsiz. Temir yo’lning uzunligi 32 ming kilometr, shundan 3 ming kilometrdan ortiqrog’i elektrlashtirilgan. Transportning asosiy turi avtomobil; avtomobil yo’llari uzunligi 1,7 million kilometr; 5 ming kilometrdan ortiq uzunlikdagi Transamazonka magistrali Atlantika sohilini and tog’ etaklari bilan tutashtiradi. Ichki suv yo’llarining uzunligi 31 ming kilometr. Asosiy dengiz portlari: Rio de Janeyro, Santus, RiuGrandi, Paranagua, PortuAlegri, Tubaran, SanSebastyan. Braziliya chetga asosan og’ir va yengil sanoatning tayyor va chala tayyor mahsulotlari, kofe, temir rudasi, soya, tamaki, qandshakar chiqaradi. Chetdan neft va neft mahsulotlari, asbobuskuna, metall va undan yasalgan buyumlar, kimyo mahsulotlari, bug’doy va boshqalar sotib oladi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaponiya, Kanada, Lotin Amerikasi mamlakatlari. Pul birligi — Real. Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Aholiga tibbiy yordamni xususiy shifokorlar ko’rsatadi. Shifokorlarni mamlakat oliy o’quv yurtlaridagi tibbiyot fakultlari tayyorlaydi. Braziliyada rasman 7 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy bepul boshlangich ta’lim joriy qilingan. Bolalar shaharlardagi 4-5 yillik va qishloqlardagi 3 yillik boshlang’ich maktablarda ta’lim oladilar. Bulardan tashqari to’liqsiz maktab — gimnaziyalar, to’liq o’rta maktab — kollegiyalar, hunar va pedagogika maktablari ham bor. Oliy o’quv yurtlarida pul to’lab o’qish mumkin. Braziliyada 70 ga yaqin universitet, 740 dan ortiq boshqa oliy o’quv yurtlari bor. Rio de Janeyrodagi Braziliya va SanPaulu universitetlari ularning eng yiriklaridir. Ilmiy muassasalari: Braziliya fanlar akademiyasi, Milliy tibbiyot akademiyasi va boshqalar. Kutubxonalari: Milliy kutubxona, Portugaliya Qirollik qiroatxonasi (RiodeJaneyro), Munisipal kutubxona. Muzeylari: Milliy muzey, Milliy tarixiy muzey, RiodeJaneyrodagi Milliy nafis san’at muzeyi. Matbuoti, radioeshittnrishi va teleko’rsatuvi. Braziliyada 300 ga yaqin gazeta va jurnallar nashr etiladi. Asosiy gazeta va jurnallari: «gazeta merkantil» («savdo-sotiq gazetasi», SanPauluda chiqadigan kundalik iqtisodiy gazeta, 1920 yildan), «Dia» («Kun», RiodeJaneyroda chiqadigan kundalik gazeta, 1951 yildan), «Diariu Di SanPaulu» («SanPaulu gazetasi», kundalik gazeta, 1925 yildan), «Jornaldubrazil» («Braziliyagazetasi», kundalik gazeta, 1891 yildan), «Jornal du Komersiu» («Tijorat gazetasi», RiodeJaneyroda chikadigan kundalik gazeta, 1827 yildan), «letin Amerika Deyli post» («Lotin Amerikasining kundalik pochtasi», SanPauluda ingliz tilida chikadigan kundalik gazeta, 1979 yildan), «Folya Di SanPaulu» («SanPaulu varaqasi», kundalik gazeta, 1921 yildan), «Globu» («Yer kurrasi», kundalik kechki gazeta, 1925 yildan), «Veja» («Ko’ring», haftalik ommaviy siyosiy jurnal, 1968 yildan), «Vizan» («saviya», haftalik ommaviy siyosiy jurnal, 1952 yildan) va boshqalar. Empreza Brazileyra Di Komunikasan, sa (Radiubraz) axborot xizmati 1988 yilda hukumat axborot agentligi bilan davlat radioeshittirish korporasiyasining birlashuvi natijasida tashkil etilgan. Mamlakat Prezidentining fuqaro devoni tomonidan nazorat qilinadi. Radioeshittirish va teleko’rsatuvni asosan xususiy stansiyalar amalga oshiradi, ularni milliy aloqa departamenti nazorat qiladi. Braziliya radio va television stansiyalar uyushmasi 1962 yilda tuzilgan. Adabiyoti portugal tilida rivojlangan. Braziliyada qadimdan indeys va negrlarning boy og’zaki ijodi mavjud. 17— 18-asrlarga kelib, yozma adabiyotda G. Di Matusning satirik asarlari, T. Gonzaganing she’rlari, J. Gamaning ma’rifatparvarlik ruhidagi «Urugvay» poemasi paydo bo’ldi. Ularda oddiy xalq turmushi aks ettirildi. Braziliya adabiyotida 19-asrning 20-yillarida vujudga kelgan romantizm okimi rivojlandi. Bu davrda G. Di Magalyainsning «Tamoyo qabilasi Ittifoqi», A. Gonsalvis Diasning «Amerika dostonlari» keng tarqaldi. J. M. Di Alenkarning «Guaranlar», «Irasema», «Ubirijara» romanlarida indeyslarning urfodatlari, azob-uqubatli hayoti, stixiyali bo’lsada kurashi aks etdi. Buyuk xalq shoiri A. Kastru Alvisning «Afrika ovozi», «Bandi kema» va boshqa mashhur poemalari «To’lqinlar mavji» asarlar to’plamiga kiritildi. 19-asrning ikkinchi yarmidan boshlab dehqonlar hayotini aks ettiruvchi bir qator romanlar paydo bo’ldi. Shu davrda A. Gonsalvis Diasning «Beatriche Chenchi», «Patkul» tarixiy romanlari ham katta Shuhrat qozondi. 19-asrning oxirlari va 20-asr boshlarida bir qator yozuvchilar Braziliya adabiyotiga realism an’analarini olib kirdilar. 1896 yilda asos solingan Braziliya adabiyot akademiyasining birinchi Prezidenti J. M. Mashadu D’Asis tanqidiy realizmning atoqli namoyandasi edi. Xuddi shu davrda Braziliya adabiyotida dekadentchilik kayfiyatlari kuchaydi. Demokratik harakatlarning avj olishi bilan 20-asrning 40-50-yillarida Braziliya dehqonlarining hayotini aks ettiruvchi realistik asarlar ko’paydi, taraqqiyparvar adabiyotning L. Barretu, G. Ramus, R. Di Keyrus, M. Di Andradi, Luara Brandau kabi namoyandalari ijodida insonning ijtimoiy mavqei masalalari aks etdi. Jorji Amadu o’z romanlarida dehqonlar hayotini, mehnatkash ommaning sinfiy ongi o’sayotganini ifodaladi. Shoirlardan V. Di Morays, K. Di Andradi, yozuvchilardan D. Jurandir, S. Martine, M. Palmeriu, dramaturglardan N. Rodriges, G. Figeyredu, A. Suasuna ijodi Braziliya adabiyotida salmoqli o’rin egallaydi. Me’morligi. Braziliyaning yerli aholisi — indeyslarning me’morligi qabr toshlari hamda Amazonka bo’ylarida g’orlarga solingan har xil rasmlar, qamish va yog’och shoxlaridan yasalgan, konus shaklli uylardan iborat. 16-asrda portugaliyaliklar olinda, Resifi va Salvador (oldingi poytaxti) kabi shaharlarni bunyod etdilar. 18-asr Braziliyada mustamlaka davri me’morligining yuqori bosqichi hisoblanadi. Oltin va olmos konlari topilishi bilan Braziliyada yangi shaharlar barpo etiddi, RiodeJaneyro poytaxt bo’lib qoldi (1960 yilgacha). Braziliya me’morligida ikki yo’nalish: barokko (SanFransisku monastiri, Salvador) va rokoko (Minasjeraysdagi har xil binolar, me’mor va haykaltarosh Aleyjadinyu ishi) o’rin oladi. Frantsuz me’mori O. Granjan de Montini Braziliyada ijod etib klassisizm uslubini tarqatdi (Mira teatri, Belen shahri, Itamarati saroyi, RiodeJaneyro shahri). 19— 20-asrlarga kelib Braziliya me’morligida «modern» uslubi keng tarqaldi. MinasJerays shtatida Beluorizonti, Goyas shtatida Goyani va Braziliya (yangi poytaxti) kabi yirik shaharlar va zamonaviy binolar qurildi. L. Kosta, O. Nimeyer, A. E. Reydi va boshqa mashhur me’morlar yetishib chiqdi. Tasviriy san’at. Qadimgi davr san’at yodgorliklaridan har xil tosh va sopol bezaklar yetib kelgan. Mustamlaka davr san’atidan (16-17-asrlar) Salvador va RiodeJaneyrodagi ibodatxonalar bezaklari bor. Bu davr san’ati din bilan bog’liq. Braziliya me’morligidagi barokko va rokoko uslubi tasviriy san’atga ham ta’sir etgan. Ibodatxonalar bezagida oltin va rangdor bo’yoqlardan foydalanilgan. Haykaltarosh va me’mor Aleyjadinyuning Bonjezusdimatozinyus cherkovidagi (Kongonyas shahri) tosh va yog’ochdan ishlagan haykallari dunyoga mashhur. 18-asrda Braziliya shaharlarida tasviriy san’at maktablari vujudga keldi (RiodeJaneyroda J. Di Oliveyra, Salvadorda J. J. da Rosha, Resifida J. Di Deus Sepulveda, SanPauluda J. P. da Silva Marisku va boshqalar). 1816 yilda qirol Juan VI frantsuz rassomlari ishtirokida fan, san’at va hunar maktabini tashkil etdi. 1820 yilda bu maktab badiiy akademiyaga aylandi. 19-asr Braziliya tasviriy san’atida klassisizm hukmronlik qildi. Mashhur rassom J. F. Di Almeyda Junior ijodida xalq hayoti, tabiat manzaralari ko’p o’rin oladi. 20-asr Braziliya tasviriy san’atida realizm bilan bir qatorda turli oqim (formalizm, abstraktsionizm va boshqalar) namoyandalari ijod etmoqda. Amaliy san’atda kulolchilik, matoga gul va rasm solish rivojlangan. Musiqasi indeys, negr, ispan, portugal qo’shiq va raqslari asosida shakllangan. A. K. Gomis, L. Migis, A. Levi, A. Nepomusenu, E. Vila Lobos, K. Santoru, M. K. Guarneri, J. N. Garma, F. M. Silva (Braziliya milliy madhiyasining muallifi) kabi kompozitorlarning ijodi mashhur. Braziliya musiqa san’atini yuksaltirishda, musiqachi va bastakorlar tayyorlashda RiodeJaneyro konservatoriyasi, Milliy musiqa instituti, Milliy opera teatri va simfonik orkestrlar, Braziliya universitetining milliy musiqa maktabi, musiqa akademiyasi ish olib boradi. Teatri. Afro braziliyaliklarning makumba deb atalgan diniy marosim o’yinlarida dramatik teatrga xos harakatlar bo’lgan. Yevropalik ilk missionerlar indeyslarga xristianlikni singdirish uchun portugal adabiy asarlari asosida sahnalarni, bir pardali diniy majoziy tomoshalarni ko’rsatishgan. Indeyslar uchun muqaddas «Lorensu teatri» nomli dastlabki teatr binosi 16-asrda qurilgan. 1748 yilda «Opera uyi», 1776 yilda «yangi opera» teatri barpo bo’ldi. 1813 yilda «Avliyo Juan Qirollik teatri» ish boshladi. 19-asrda RiodeJaneyroda «Di San Pedru Di Alikantara teatri», «du Plasidu teatri», «yangi konstitutsion teatr», Resifida «Santi—Izabel teatri» kabilar vujudga keldi. 1843 yilda panda ko’rsatilgan observatoriya Laraiuan to’g’oni Prezident qarorgohi Universitet dramatik san’at konservatoriyasi, 1910 yilda Martine Pen dramatik maktabi, 1917 yilda «Braziliya teatr mualliflari jamiyati» (SBAT) tuzildi. So’ngra doimiy dramatik truppalar tuzilib ish boshladi. Keyingi yillarda RiodeJaneyro va SanPaulu shaharlarida Braziliya komediya teatri, Xalq badiiy teatri, Braziliya talabalari teatri, negrlarning eksperimental teatri tashkil etildi. Kinosi. Birinchi xronikal film 1903 yilda, badiiy film 1910 yilda suratga olingan. Dastlabki ovozli filmlar 1935 yilda yaratilgan. Braziliyada yaratilgan filmlar ichida «Kaysara», «Tikotiko» (rejissyor A. Cheli), «bosqinchi» (rejissyor L. Barretu), «boyning xotini» (rejissyor T. Payne, O. Sampayu), «dengiz qo’shig’i» (rejissyor A. Kavalkanti), «Rio 40°» (rejissyor N. Pereyra dus Santus)kabi filmlar diqqatga sazovor. Braziliyada 6 kinostudiya, 3 mingdan ortiq kinoteatr bor. O’zbekiston Respublikasi bilan Braziliya o’rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yo’lga qo’yishga va buning uchun shartnomaviy-huquqiy negiz yaratishga kirishildi. O’zbekiston Respublikasining Braziliya bilan 1996 yildagi tovar aylanmasi 7,16 million AQSh dollarini tashkil etdi. 1997 yil yakuni bo’yicha O’zbekiston — Braziliya tovar aylanmasi 16,75 million. AQSh dollariga yetdi va avvalgidek tovar aylanmasi hajmining deyarli hammasi importdan iborat bo’ldi. Uning 93,8% ini moyli urug’lar va mevalar, 6,2% ini tamaki tashkil qildi.
BRAZILIYA — Braziliya poytaxti (poytaxt rasman 1960 yil 21 aprelda Rio de Janeyrodan shu shaharga ko’chirilgan). Mamlakatning markazida, Braziliya yassitog’ligida, qariyb 1200 metr balandlikda, sun’iy suv omborining sohiliga qurilgan. Aholisi 1,8 million kishi (1996). Shahar atrofi bilan birga Federal (poytaxt) okrug qilib alohida ma’muriy birlik sifatida ajratilgan, aholisi 2,9 million kishi (1992). Qishda o’rtacha temperatura 19°, yozda 22°. Yiliga 1300 millimetr yog’in yog’adi. Transport yo’llari tuguni. Xalqaro miqyosdagi aeroport bor. Braziliya ayrim poytaxt shaharlar (Kanberra, Bonn, Vashington, Islomobod) kabi faqat ma’muriy poytaxt bo’lib, sanoat korxonalari deyarli yo’q. Faqat oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalarigina ishlab turibdi. Braziliyada prezident qarorgohi va kantselyariyasi, Milliy Kongress va Oliy sud, ministrliklar kabi hukumat muassasalari joylashgan. Shahar Braziliya Konstitusiyasining poytaxtni mamlakatning geografik markaziga yaqin joyga ko’chirish to’trisidagi maxsus bandini ijr’o qilish maqsadida 1957 yildan qurila boshladi. Shahar qiyofasi samolyot shaklida loyihalashtirib qurilgan. Braziliya bosh rejasi me’mor L. Kosta tomonidan ishlangan. Uch hokimlik maydonida ma’muriy va jamoat binolari joylashgan. Braziliyada universitet bor.