BRENDI

BRENDI (gollandcha brandewijne — haydalgan vino) — uzum vinosini haydab olinadigan yoki achitilgan meva, rezavor meva sharbatidan tayyorlanadigan kuchli alkogol ichimlik. 16-asrda Frantsiyaning Sharanta viloyatida paydo bo’lgan. Tayyorlash usuli va quvvatiga ko’ra 3 turga bo’linadi; o’tkir Brendi — achigan sharbat va uzum turpini distillab olinadi, tarkibida spirt miqdori 80— 90% ga boradi. Spirt qo’shilgan vinolar tayyorlashda ishlatiladi. Grappa — sharbati presslab olingan uzum turpini havo kirmaydigan o’ralarda achitib, ikki marta haydash usuli bilan olinadi (spirt miqdori 70— 80%). Distillangan suv qo’shib alkogol ichimlik tayyorlanadi. Chin Brendi (tarkibida spirt miqdori 57-72%) faqat vino yoki achitilgan sharbatlardan tayyorlanib, yetilishi uchun muayyan muddat saqlanadi. Ichimlikning bu turi ko’pgina mamlakatlarda Brendi nomi bilan mashhur. Brendini ishlab chiqarish texnologiyasi xom ashyo distillash usuli va texnikasi, saqlash sharoitlari, muddati va boshqalarga bog’liq. Odatda, Brendi dub bochkalarda kamida 3 yildan, markalisi 7 yildan ko’proq saqlab turiladi. Brendi uchun asosiy xom ashyo sifatida uzum sharbati ishlatiladi, lekin boshqa meva sharbatlaridan ham tayyorlash mumkin. Brendi ko’pgina mamlakatlarda ishlab chiqariladi. Frantsiya, Italiya, Gresiya, AQSh, Ispaniya Brendini eksport qiluvchi davlatlar qatoriga kiradi.