BRILLIANT
BRILLIANT (Fransuzcha brillant — yaltiroq so’zidan) — sun’iy ishlov berib sayqallangan (qirralangan) olmos. Tomonlari 6, 8, 12, … 56 gacha qirralarga ega bo’ladi. Bunday qirralash toshning tabiiy jilosini yuzaga chiqaradi. Brilliantga tushgan nur yuqori dispersiya (nurning bo’linishi) tufayli kamalakday tovlanadi. Zargarlik san’atida keng ishlatiladi: qimmatbaho metall gardishga alohida (uzuk, isirga, ilma tugma — zaponkada), buyum bezagi mujassamoti asosi yoki qismlarini hosil qiluvchi (to’g’nog’ich, toj va boshqalarda) «ko’z»lar holida o’rnatiladi. Brilliant shuningdek orden va yuksak nishonlarni ham bezaydi. Brilliant og’irligi karat (0,2 gramm) larda o’lchanadi.