BRIM GEORGIY ROBERTOVICH

BRIM GEORGIY ROBERTOVICH (1935.18.9, Turkmanistonning Kerki shahri— 1999.8.3, Germaniya, Landsxut shahri) — teatr rassomi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1977). Toshkent san’at institutini tugatgan (1967). Shu institutda o’qituvchi (1967-89), kafedra mudiri (1989-98). Ayni vaqtda Hamza teatrida rassom (1967-68), bosh rassom (1968-86); 1987-98 yillarda Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrida bosh rassom. Brim ijodi o’ziga xos uslubi, asar mazmuni va g’oyasini ochishga xizmat qiladigan sahna bezaklari, libos eskizlari yaratishi bilan diqqatga sazovor. Hamzaning «Boy ila xizmatchi» asari asosida yaratilgan spektakllarni badiiy bezagan (Ashxobod, 1966; Toshkentdagi Hamza teatri, 1969; Qo’qon teatri, 1974; Bolgariya Xalq Respublikasi, 1974). Hamza («Shoh Edip», 1971; «Kelinlar qo’zg’oloni», 1976; «Qaroqchilar», 1978; «Ibn Sino», 1980; «Zebunniso», 1984 va boshqalar), Navoiy («Bo’ron», 1980; «Maysaraning ishi», 1988 operalari) va A. Hidoyatov nomidagi («Maysaraning ishi», 1988; «Paranji sirlari», 1989; «Qora kamar», 1989 va boshqalar) teatrlar spektakllarining tasviriy obrazini yaratdi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989).