BRITANIYA KOLUMBIYASI
BRITANIYA KOLUMBIYASI — Kanada g’arbidagi provintsiya. Maydoni 947,8 ming kilometr kvadrat. Aholisi 3,0 million kishidan ziyod (1990-yillar o’rtalari). Ma’muriy markazi — Viktoriya shahri. Britaniya Kolumbiyasi Tinch okean sohili bo’ylab joylashgan. Tarkibiga Vankuver, Qirolicha sharlotta va boshqa orollar ham kiradi. Relefi tog’li (qoyali tog’lar, Kordilera tog’i tizmalari va boshqalar). Sohil qismida iqlimi yumshoq, sernam, tog’larda sovuq, yillik yog’in 240 millimetr, vodiylarda 300-400 millimetr. Asosiy daryolari — Freyzer, Kolumbiya. Ygna bargli o’rmonlar bilan qoplangan. Sanoatining asosiy tarmoqlari: konchilik (rux, qo’rg’oshin, molibden, mis va boshqalar), taxta tilish, tsellyulozaqog’oz. Rangli metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Tog’ daryolariga GES qurilgan. Qishloq xo’jaligida sut chorvachiligi yetakchi o’rinda, sabzavot va mevalar yetishtiriladi. Baliq ovlanadi. Muhim sanoat markazlari — Vankuver va Viktoriya shahri.