BROKKELMAN

BROKKELMAN (Brokelman) (Brockelmann) Karl (1868.17.9— 1956.6.5) — nemis sharqshunosi, Somiy va turkiy tillar mutaxassisi. 1900 yildan Breslau, Kenigsberg, Galle, Berlin universitetlari prof. Sharq tarixi, Arab adabiyoti tarixi, somiyshunoslik bo’yicha ilmiy asarlar yozgan. «Somiy tillar qiyosiy grammatikasi ocherki» (2 jild, 1908-13) va «Arab adabiyoti tarixi» (2 asosiy jild, 1898-1902 va 3 qo’shimcha jild, 1937-42) uning eng muhim asarlari bo’lib, I. Yu. Krachkovskiy ularga yuksak baho bergan. Brokkelman «Arab adabiyoti tarixi» kitobiga Arab bo’lmagan yozuvchi va olimlar (masalan, Ibn Sino, Beruniy va boshqalar) ning Arab tilida bitgan asarlarini ham kiritib, ular xususida biografik ma’lumotlar keltirgan. Uning «Musulmon xalqlar va davlatlar tarixi» (1939) asari ham dalillarga boy. Brokkelman Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» asarini nemischaga tarjima qilgan (1928).