BRUSELLYOZ

BRUSELLYOZ, Malta isitmasi, qora oqsoq— odam va hayvonlarda uchraydigan infektsion kasallik; Brusellyozni brusella bakteriyalari qo’zg’atadi, ular tashqi muhitda (suv, tuproq, teri va hokazolar) bir necha oy saqlana oladi; dezinfektsiyalovchi vositalarda bir necha minutda nobud bo’ladi. Brusellalar kasal hayvonning suti, siydigi, go’ngi, tushgan bolasi bilan tashqariga chiqadi, ular shu hayvonning go’shtida ham bo’ladi. Organizmga brusellalar hazm va nafas yo’llarining shilliq pardalari, shuningdek shikastlangan teri orqali tushadi. Brusellyoz bilan og’rigan molning xom suti va sut mahsulotlari (pishloq, moy), shuningdek chala pishirilgan go’shti iste’mol qilinganda kasallik odamga yuqadi. Brusellyoz bilan ko’proq molboqarlar, cho’ponlar, kushxona, terini oshlash korxonasi ishchilari va boshqalar kasallanadi. Brusellyozda asosan nerv, yuraktomir sistemasi va suyakbo’g’im apparati zararlanadi. Kasallikning yashirin davri 1-3 hafta. Uning kechishi va belgilari xilma-xil bo’ladi. O’tkir boshlanganida isitma ko’tariladi, bemor g’araqg’araq terlaydi, lohaslik alomatlari kuzatiladi; oyoq-qo’l, bel, muskul va bo’g’imlar zirqirab og’riydi. Isitma goh ko’tarilib, goh pasayib turadi, jigar, qora taloq kattalashadi, keyinroq bo’g’imlar yallig’lanadi va boshqalar. Bir necha oy o’tgach, bemor tuzala boshlaydi, ba’zan yillab cho’zilishi mumkin. Ayollarda chala tug’ish yoki bola tashlash kuzatiladi. Brusellyoz ko’pincha asta-sekin boshlanadi. Tayanch harakat apparati jarohatlangandan keyingina bemor vrachga murojaat qiladi. Bemor kasalxonada davolanadi. Davo bemorning umumiy ahvoliga qarab tayinlanadi; antibiotiklar, fizioterapiya va boshqalar buyuriladi. Brusellyozning oldini olish uchun kasal hayvonlarni vaqtida aniqlab, alohida boqish va so’yish; go’sht va sutini maxsus usullar bilan zararsizlantirish kerak. Brusellyoz odamlarga yuqmasligi uchun mol bilan bevosita muloqotda bo’ladigan kasb kishilarini Brusellyozga qarshi emlash va ularni maxsus kiyimbosh, korjoma bilan ta’minlash lozim. Hayvonlarda Brusellyozni brusellalar avlodiga mansub uch turdagi bakteriyalar, jumladan qo’y-echkilarda Brucella melitensis, qoramollarda V. abortus, cho’chqalarda V. suis qo’zg’atadi. Boshqa uy hayvonlarida ham uchrashi mumkin. Qo’y va echkilarda uchraydigan Brusellyoz odam uchun eng xavfli hisoblanadi. Hayvonlarga infektsiya yem-xashak yoki suvdan, shuningdek sun’iy qochirishda zararlangan sperma va boshqalardan yuqadi. Urg’ochi hayvonlarda Brusellyoz bo’g’ozlikning ikkinchi yarmida bola tashlash (sigirlarda 5-8, qo’y-echkilarda 3-4 oylikda, cho’chqalarda 4—12 haftalik bo’lganda), yo’ldoshning bachadon devorida tutilib qolishi, erkak hayvonlarda orxitlar (moyaklarning shamollashi), bo’g’imlarning kasallanishi kabi ko’rinishlarda kechadi. Ko’p hollarda Brusellyoz yashirin ravishda o’tadi. Kasallik klinik belgilar, bakteriologik, serologik tekshirishlar asosida aniqlanadi, qo’y, echki, cho’chqalarda brusellin biologiya preparati yordamida allergik tekshiruv o’tkaziladi. Oldini olish va kurash choralari. Kasallik tarqalgan hududlardan molar chetga chiqarilmaydi. Brusellyoz aniqlangan xo’jaliklarda kasal hayvonlar so’yishga topshiriladi, sut, go’sht kabi mahsulotlar maxsus usullarda zararsizlantiriladi, sog’lom hayvonlar emlanadi. Shonosir Shovahobov, Po’lat Mo’minov.