BUFF OPERA

BUFF OPERA — italyan komik (hazil-mutoyiba) operasi. Hajmi kichikligi, o’zgarishlarga boy mazmuni, qahramonlarining kulgili va jonli harakatlari, musiqa uslubining milliy qo’shiqchilik an’analariga yaqinligi bilan ajralib turadi. Ilk namunalari operaseria («jiddiy opera») ning ikki parda o’rtasidagi intermediya tarzida ijro etilgan. 18-asrning 30-yillarida J. Pergolezi (1710-36) ijodida paydo bo’lgan. Keyinchalik N. Pichchini, J. Paiziello, D. Chimaroza va boshqalar ijodida rivoj topgan. Buff opera uslubi 19-asr musiqasida (J. Rossini, «Sevilya sartaroshi» va boshqalar), 20-asr opera san’atida (S. Prokofev, «3 apelsinga muhabbat» va boshqalar) ham o’z aksini topgan. O’zbekistonda Buff opera an’analari negizida S. Yudakov «Maysaraning ishi» — ilk o’zbek komik operasini yozgan.