BUFFALO
BUFFALO — AQShning shimoli sharqidagi shahar. Nyu York shtatida. Yeri ko’li bo’yidagi muhim port. Yirik transport yo’llari tuguni, xalqaro aeroport bor. Aholisi shahar atrofi bilan 1,2 million kishi (1990-yillar o’rtalari). AQSh va Kanada orasidagi savdo munosabatlari Buffalo orqali amalga oshiriladi. Buffalo mamlakatning yirik sanoat va savdo moliya markazi. Buffalo sanoatining asosiy tarmoqlari: qora metallurgiya, metallsozlik, mashinasozlik, kimyo va oziq-ovqat sanoati. Oliy o’quv yurtlari, jumladan universitet (1846 yildan), tabiiy fanlar jamiyati muzeyi, yadro tadqiqotlari markazi, Olbraytnoks badiiy galereyasi, shahar yaqinida Niagara daryosiga qurilgan GES bor. Buffaloga 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida asos solingan.