BUG’ TURBINALI ISSIQLIK ELEKTR STANTSIYASI
BUG’ TURBINALI ISSIQLIK ELEKTR STANTSIYASI — qozon, bug’ turbinasi va turbogeneratordan iborat energetika agregatlari majmui. Qozon, suv quvurlari tizimidan hosil qilinadi. Qattiq, suyuq yoki gaz holatdagi yoqilg’ilarning temperaturasi 500° dan yuqori bo’lgan issiqlik energiyasi ta’sirida qozon quvurlaridan o’tadigan suv yuqori bosimli bug’ga aylanadi. Bug’ ta’sirida turbina, ya’ni birlamchi motor parraklari har minutda 1500— 3000 aylanish tezligida harakatga keladi. Bunda bug’ning kinetik energiyasi mexanik energiyaga aylanadi. Turbogeneratorning stator chulg’amida yuqori kuchlanishli EYUK (elektr yurituvchi kuch), iste’molchida esa tok hosil bo’ladi, natijada mexanik energiya elektr energiyasiga aylanadi. Umuman, dunyo miqyosida ishlab chiqariladigan elektr energiyasining taxminan 80% gachasi turbogeneratorlar vositasida olinadi, ammo Bug’ turbinali issiqlik elektr stansiyasining foydali ish koeffisienti (f. i. k.) yuqori emas. F.i.k. qiymatini bir muncha ko’tarish uchun turbina parraklaridan o’tgan bug’ sovitkichlar vositasida yana suvga aylantirilib, nasos orqali qayta isitkich qozonga yuboriladi va suv bo’yicha berk tizim hosil qilinadi. Bunda elektr stansiya f.i.k. 32-40% gacha ko’tariladi.