BUG’ TURBINASI

BUG’ TURBINASI — bug’ning potentsial energiyasini kinetik energiyaga, so’ngra aylanuvchi valning mexanik ishiga aylantiruvchi turbina; issiqlik elektr stansiyasi (IES)da elektr generatorlarni aylantiruvchi asosiy dvigatel hisoblanadi. Aktiv va reaktiv turbinalar bo’ladi. Bug’ turbinasi nisbatan ixcham, oddiy, tejamli, yuqori parametrli bug’lardan foydalanishga, toza kondensat olishga, elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan birga iste’molchilarga turli parametrli bug’ uzatishga imkon beradi. Muqim (stasionar) va transport (kemaga o’rnatiladigan) xillari bor. Muqim Bug’ turbinasiga kondensatsiya turbinalari, teplofikasiya turbinalari va boshqalar kiradi. Deyarli barcha Bug’ turbinasi ko’p pog’onali hisoblanadi. Bir va ko’p (4 tagacha) korpusli, bir va ko’p (3 tagacha) valli qilib ishlab chiqariladi. Bug’ turbinasi markazdan qochirma havo haydagichlar, kompressorlar va nasoslarni harakatga keltirish uchun ham ishlatiladi.