BULBULLAR

BULBULLAR (Zuscinia) — chumchuqsimonlar turkumining qorayaloqlar oilasiga mansub sayroqi qush. 6 turi bor: Sharq bulbuli (Z.luscinia) va G’arb bulbuli (Z.megarhynchus) tarqalgan. Ular faqat qanotining tuzilishi bilan bir-biridan farq qiladi. Bulbullarning rangi ko’rimsiz, usti qo’ng’ir va to’q mallarang, qorni oqish, nari bilan modasining rangi bir xil, bo’yi 20 santimetrgacha bo’ladi. Sharq bulbuli Sharqiy Yevropa va Osiyoning bir qismida tarqalgan. Qishlash uchun G’arbiy Afrikaga uchib ketadi. O’zbekistonga bahor (aprel—may) da uchib kelib, kuz (avgust—sentabr) da uchib ketadi. G’arb bulbuli G’arbiy Yevropa, Kichik Osiyo, Eron va Afg’onistondan to Oltoyga qadar tarqalgan. O’zbekistonda ham ko’p uchraydi, u suvga yaqin butazor, o’rmon, to’qay kabi nam erlarda yashaydi. Hatto, katta shaharlarda Park va bog’lardagi daraxtlarga uya solib, tuxum qo’yadi. G’arb bulbuli tropik Afrika, Xindiston va Arabistonda qishlaydi. O’zbekistonga bahorda (aprelning oxirida) uchib keladi. Narilari uchib kelishi bilan to jo’jalari tuxumdan chiqqunga qadar, ayniqsa jo’jalari tuxumdan chiqadigan vaqtda ko’p va baland ovoz bilan sayraydi. Jo’jalari uchirma bo’lgandan keyin (iyunda) sayrashdan to’xtaydi. Bulbullar qafasda ham sayraydi. Sharq bulbuli G’arb bulbuliga qaraganda baland va yoqimli sayraydi. Bulbullar uyasini daraxt va butalarga soladi. 4-6 dona tuxum qo’yadi. Tuxumini faqat modasi bosadi. Bolasi tuxumdan 13-14 kunda chiqadi. Bolalarni boqishda pari ishtirok etadi. Bulbullar hasharotlar va ularning lichinkalari bilan oziqlanib, foyda keltiradi.