BULOQLAR

BULOQLAR, chashmalar — yer osti suvlarining tabiiy holatda yer yuzasiga chiqishi (quruqlikda yoki suv ostida). Buloqlar suvli qatlamlarni daryo vodiylari, jarliklar, ko’l cho’kmalari kesib o’tishidan, tektonik yoriqlar, otqindi va cho’kindi jinslar kontakt zonalari mavjudligidan, suvli jinslar filtratsiya xossasining bir xil emasligidan paydo bo’ladi. Buloqlar 2 ga bo’linadi: 1) qaynar Buloqlar — yer ostidan gidrostatik bosim, gaz va bug’lar ta’sirida yer yuzasiga chiqadi. Farg’ona vodiysida (Sho’rsuv, Jalolobod), Tojikistonda (Obigarm, Issiqbuloq) ko’p. Qaynar Buloqlar paydo bo’lish sharoitiga qarab erozion va gaz bosimliga bo’linadi. Bu Buloqlar artezian suvli qatlamlarning erozion kesilishi, tektonik yoriklardan otilib chiqishi hamda jarlik, soy va daryo vodiylarining suvli qatlamlarni kesib o’tishi natijasida paydo bo’ladi. Bunday Buloqlar Buxoro va Qoraqum neftgazli rayonlarida uchraydi; 2) sokin Buloqlar — sizot suvli qatlamlarning oldini suv o’tkazmaydigan jinslar to’sib qolishi yoki ochilib qolishi, karst buloqlarining yer yuzasiga chiqishidan hosil bo’ladi. Karst Buloqlarning kattalari ko’p suvli (Voklyuz). Ayrim karst Buloqlardan sekundiga 200-250 litr suv chiqadi. Bunday Buloqlar Farg’ona vodiysi Janubda, Zarafshon va Qashqadaryo vodiylarida ko’p, ulardan aholi keng foydalanadi. Bulardan tashqari sekundiga 1000-1100 litr suv beradigan yirik Buloqlar ham bor. O’zbekistonda bunday Buloqlarlardan Qorabuloq (Qashqadaryo), Nurota va Deytbaland (Samarqand viloyati) da mavjud. Buloqlardan chiqayotgan suvning o’zgarishiga ko’ra doimiy, davriy va o’zgaruvchan, temperaturasi bo’yicha sovuq (0°— 20°), issiq (20°-42°), qaynoq (40°— 100°), juda qaynoq (100° dan ortiq) Buloqlarlar bo’ladi. Buloqlardan ekinlarni sug’orishda, sanoatda, aholini suv bilan ta’minlash va davolanishda (Xo’jaipok bulog’i, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida) foydalaniladi. Suvi ichiladigan va sug’orishda foydalaniladigan Buloqlar Farg’ona, Zarafshon, Qashqadaryo, Nurota, Toshkent vohalarining tog’oldi joylarida ko’p. Bu yerlarda ayrim Buloqlarning boradigan suvi sekundiga 10-15 l gektar yetadi. Shifobaxsh Buloqlar Tojikiston (Garmchashma, Xo’jaobigarm), Qirg’iziston (Jalolobod, Issiqota, Jetio’g’uz, Oqsuv), O’zbekiston (Shohimardon) va boshqa yerlarda bor. Toshkent shahri Chorsu maydonida ham 1960-yillar oxirlarigacha «Chorsu» mehmonxonasi o’rnida Ukkosha bulog’i mashhur bo’lgan. Sanoat ahamiyatiga ega sho’r (tarkibida yod, bor, brom va boshqa elementlar bo’lgan) Buloqlar tog’oldi, tog’ orasidagi botiq, artesian xavzalar (Farg’ona, Buxoro, Qarshi, Qoraqum) da uchraydi. O’zbekistonda Buloqlardan to’g’ri foydalanish maqsadida buloqli joylarning gidrogeologiya sharoitlari, Buloqlarlar paydo bo’lishi jarayoni, suv temperaturasi, tarkibi va chiqadigan miqdori o’rganiladi.