BURALISH

BURALISH — sterjen, plastinka yoki qavariq sirtning tashki burovchi momentlar (kuchlar jufti) ta’sirida vujudga keladigan deformatsiya (ko’ndalang kesimlarning o’zaro burilishi). Doiraviy to’g’ri sterjen burovchi moment ta’sirida buralganda uning ko’ndalang kesimidagi barcha nuqtalar o’z tekisligida qoladi, sterjen uchlari (ko’ndalang kesimlar) orasidagi masofa esa o’zgarmaydi, kesimlar radiusi to’g’ri chiziqligicha qoladi. Ko’ndalang kesimlar bir-biriga nisbatan umumiy o’q atrofida biror burchakka buriladi. Buralish dumaloq sterjenlarda faqat urinma zo’riqishlarni, boshqacha ko’ndalang kesimli sterjenlarda urinma va normal (tik) zo’riqishlarni hosil qiladi.