BURCHMULLA XAZINASI

BURCHMULLA XAZINASI — so’nggi jez davriga oid moddiy madaniyat yodgorligi. Toshkent viloyati Bo’stonliq tumanidagi Burchmulla qishlog’i yaqinidan topilgan (1955). Burchmulla xazinasi topilmalari miloddan avvalgi 2-1 ming yilliklar mobaynida yaratilgan 1 nayza uchi, 4 paykon va 3 ot yugani to’qasidan iborat. Nayza uchi (uzunligi 31 santimetr) ikki tig’li, zo’g’atasi dumaloq, zo’g’ata novi yon tomonlarida nayza dastasiga bog’lashga mo’ljallangan teshikchalar bor. Paykonlar 2 parrakli, yaproqsimon. To’qalar tugmasimon bo’lib, 2 tasining ilgagi kichkina, 1 tasiniki kattaroq. Burchmulla xazinasi yodgorliklari boshqa hududlardan topilgan Andronovo madaniyati yodgorliklariga ko’p jihatdan o’xshash. Burchmulla xazinasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Arxeologiya instituti fondida saqlanadi.