BURHONOV MUTAL
BURHONOV MUTAL (Mutavakkil) Muzayyinovich (1916.5.5, Buxoro) — kompozitor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1964), O’zbekiston xalq artisti (1974). O’zbekistonda akapella janri asoschilaridan. Samarqand musiqa va xoreografiya institutida (1928— 32), Moskva konservatoriyasida (193941, 194649) ta’lim olgan. O’sha yillari «Alisher Navoiy» dramasi (Uyg’un va I. Sulton, 1943) ga musiqa, qator kamer vokalvakamer cholg’u asarlar yaratdi. 2-jahon urushida Moskva mudofaasi qatnashchisi (1941). O’zbekiston radiosida badiiy rahbar (1949-51), O’zbekiston Kompozitorlar uyushmasi boshqaruvining raisi (1955— 60). Ijodida vokal musiqasi, ayniqsa, romans, jo’rsiz xor va vokalsimfonik janrlar asosiy o’rin tutadi: «Tabassum qilmading», «Namedonam chi nom dorad», «Ishqida» va boshqa romanslari, «Alisher Navoiyga qasida» (A. Oripov, 1968) va boshqalar. Sharq xalqlari qo’shiqlarini jo’rsiz xor uchun mahorat bilan, milliy musiqaga xos nafislik va jozibalilikni to’la saqlagan holda qayta ishlagan: qozoqcha «Dudaray», Eroncha «Go’le gandum», O’zbekcha «Go’zal qizga», afg’oncha «Chashmi siyoh» va boshqalar. Ko’pgina bolalar qo’shiqlari, qator filmlar («Surayyo», «Abu Ali Ibn Sino», «Maftuningman», «Orol baliqchilari», «Boy ila xizmatchi» kabi) ga musiqa bastalagan. «Alisher Navoiy» operasi (1986), «Abadiy xotira» rekviemi (1996), «Ko’ngil xazinasi (Burhonnoma)» kitobi (1998) muallifi. O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasini yozgan [1992; O’zbekistonning ilgarigi Davlat madhiyalari (1947, 1978) musiqasini ham Burhonov yaratgan]. Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston Davlat va Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotlari laureati (1964, 1970). «El-yurt xurmati» ordeni bilan mukofotlangan (2001). Ad.: Yanov-Yanovskaya N., Mutal Burxanov, T., 1999.