BURHONOV SHUKUR
BURHONOV SHUKUR (1910.15.9 Toshkent — 1987.14.8) — O’zbekiston xalq artisti (1940). 1928 yildan Hamza teatrida ishlagan. 30-yillar ko’proq o’z zamondoshlari rollarini ijro etdi: Hamza asarlaridagi G’ofir («Boy ila xizmatchi»), Odilbek («Xolisxon») obrazlarida aktyorning yangi qirralari ochildi. Urush yillari Oleko Dundich («Oleko Dundich»), Battol («Muqanna»), Jaloliddin («Jaloliddin Manguberdi»), urushdan keyin general Sobir Rahimov («General Rahimov»), Maksimov («Dengizchilar uchun») kabi rollarni o’ynadi. Keyinchalik romantik aktyor, fojiaviy rollarning mohir ustasi sifatida Shuhrat qozonib, chuqur falsafiy mazmunga ega bo’lgan obrazlar yaratdi: Hamlet, Romeo, Brut («Hamlet», «Romeo va Juletta», «Yuliy Tsezar»), Voyniskiy («Vanya tog’a»), Mirzo Ulug’bek («Mirzo Ulug’bek»), shoh Edip («Shoh Edip»), Sulaymon ota («Qiyomat qarz») va boshqa g’oyaviy, psixologik va plastik jihatdan to’laqonli, romantik hissiyoti, ko’tarinkiligi bilan ajralib turadigan monumental fojiaviy rollardir. Ayniqsa Shoh Edip roli bilan Burhonov sahnada katta iz qoldirdi. Undagi tashvish, dard, iztirob, tug’yon sahnamasahna kuchayib boradi. Aktyor bunday kuchli dramatizmga, fojiaviylikka ichki kechinmalar, bosiq harakatlar, xilma-xil ma’nolarni anglatuvchi boqishlar va kuzatishlar, o’ziga xos dardli va musiqaviy nutqtufayli erishdi. Edip rolida aktyorlik san’atidagi intellektuallik, emosionallik, romantik jo’shqinlikni bir-biriga payvand qilib, ilohiy va azaliy qismatlarni faol inkor etuvchi, jamiyat faravonligi va insoniy fazilatlar uchun kurashuvchi buyuk inson obrazini yaratdi. Hamlet obrazida esa qaynoq qalbli, jo’shqin, qudratli inson sifatidagi fazilatlarni mohirona talqin etdi. Burhonov ijodi ijtimoiy, falsafiy va g’oyaviy mazmunga to’la, ufqi keng, ko’p qirrali. U romantik, fojiaviy dramatik, lirik xarakterdagi va hatto satirik rollarning mohir ijrochisi. Aktyor qanday rol o’ynamasin inson taqdiri va uning ijtimoiy muhit bilan munosabatini haqqoniy tasvirlashga erishdi. Burhonov o’zbek kino san’ati taraqqiyotiga ham katta hissa qo’shdi. U yaratgan Qorabotir («Tohir va Zuhra»), G’ofir («Boy ila xizmatchi»), Shoh kalin («Ilya Muromes»), Qalandarov («Sinchalak»), Mirzo Ulug’bek («Ulug’bek yulduzi»), Matniyoz («Uzoq-yaqin yillar»), Husan ota («Bardosh») kabi rollari rang-barangligi, ijro mahorati, obraz talqinining mukammalligi bilan jahon kino san’atida yuqori baholangan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1965). Ad.: Olidor O., Shukur Burxanov, M., 1952; Teshabayev Dj., Geroykrupnim planom, T., 1972; Rahmonov M., Silmilshteyn T., Shukur Burhonov, T., 1974. Mamajon Rahmonov.