Burjnoma nima?
Burjnoma nima o’zi? Burjnoma — bu, osmon jismlarining: Quyosh, oy, sayyoralar va yulduzlarning muayyan palladagi o’zaro joylashuvini ko’rsatuvchi sxemasi. Shaxsiy goroskop tuzish uchun inson tavallud topgan makon va sanani va osmon jismlarining o’sha palladagi holatini aniq bilish zarur. Osmon jismlari va inson tavallud topgan sana o’rtasida bog’liqlikni aniqlagan astrologlar-ilmi nujum sohiblari uning toleini bashorat qilishi yoxud qaysi amalni bajarish ma’qulligini maslahat berishi mumkin. Payqadingiz, biz sizga astrologlarni eslatdik-a? Gap shundaki, burjnomalar astrologiyaning osmon jismlari inson faoliyatiga nisbatan ta’sirga ega va samoviy hodisalar ustidan kuzatuv o’tkazish asnosida qismatni oldindan aytib berish mumkin deb uqtiruvchi qismiga mansubdir. G’arb astrologiyasi qadimiy Bobilda, Xolidiylar madaniyatida miloddan taxminan 2000 yil ilgari vujudga kelgan edi. Astrologiya avvalboshdan yulduzlar va sayyoralarni o’rganish tariqasida ularni inson faoliyatida amaliy jihatdan qo’llashni topishga urindi. Qadimgi olimlar va kuzatuvchilar Quyosh, oy, sayyoralar va yulduzlarning harakati muayyan muntazamlik bilan takrorlanishini payqadilar. Yil fasllari, yomg’irlar, sayyoralarning ko’kda paydo bo’lishi ham o’z davriyligiga ega. Astrologlar bu davriylikni va osmon jismlari holatlarini, shuningdek ularning odamzot faoliyatiga ta’sirini o’rgandilar.