BURKINA FASO
BURKINA FASO (Bourkina Faso) (1984 yil avgustgacha yuqori Volta Respublikasi) — G’arbiy Afrikadagi davlat. Maydoni 274,2 ming kilometr kvadrat. Aholisi 10,4 million kishi (1990-yillar oxiri). Poytaxti — Uagadugu shahri. Ma’muriy jihatdan 45 viloyatga bo’linadi. Davlat tuzumi. Amaldagi Konstitutsiya 1991 yil 2 iyundagi referendumda ma’qullangan. Davlat boshlig’i — prezident. U umumiy to’g’ri va yashirin ovoz berish yo’li bilan 7 yil muddatga saylanadi va cheklanmagan miqdorda qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — Milliy Assambleya. Ijrochi hokimiyat — prezident va u tomonidan tayinlanadigan bosh vazir boshchiligidagi hukumat. Tabiati. Yer yuzasi qir-adirlardan iborat 200-500 metrgacha balandlikdagi plato. Janubi g’arbidagi tog’lar 750 metrgacha boradi. Iqlimi — sub ekvatorial musson, shimol hududlarida quruq mavsum 8— 10 oy davom etadi. O’rtacha oylik temperatura 2426° dan 30-35° gacha. Yiliga 500-1000 millimetrgacha yog’in yogadi. Asosiy daryolari — qora Volta va oq Volta. Tuproqlari qizil va qizilqo’ng’ir, laterit tuproqlar. O’simliklari savannaga xos, ayrim joylarida o’rmon va butazorlar uchraydi. Hududining 9% o’rmon. Savannalarda Arslon, qoplon, fil, buyvol, kiyik kabi hayvonlar saqdanib qolgan. Janubda tsese pashshasi tarqalgan. Milliy bog’lar va qo’riqxonalar, jumladan mamlakat sharqida Dublve, Kurtyagu, aril milliy bog’lari bor. Aholisining asosiy qismi (50%) mosilar; lobi, fulbe, bobo va boshqa xalqlar ham yashaydi. Aholining 50%dan ko’prog’i mahalliy an’anaviy dinlarga, 40% musulmon diniga e’tiqod qiladi; qolganlari xristianlar. Shahar aholisi 9%ni tashkil etadi. Rasmiy tili frantsuz tili. Tarixi. Arxeologiya topilmalariga qaraganda, Burkina Fasoda neolit davrida odamlar yashagan. Shimoli g’arbda qadimgi istehkomlar va quduqlar, Yatenga atrofida ovchilar va yovvoyi jonivorlar tasvirlangan qoya rasmlari topilgan. 11-asrda Burkina Faso hududida mosilar davlati tarkib topa boshladi. 14-asrda Uagadugu, Yatenga va boshqa davlatlar bo’lgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida frantsuz mustamlakachilari tomonidan bosib olindi. 1904 yil Burkina Faso Frantsiyaning Yuqori Senegal Niger mustamlakasi tarkibiga qo’shib olindi. 1919 yil Frantsiya G’arbiy Afrikasi tarkibida alohida ma’muriy birlik qilib ajratildi, lekin 1932 yil Frantsiya Burkina Faso hududini Fil suyagi qirg’og’i, Niger va Frantsiya Sudani mustamlakalari o’rtasida bo’lib yubordi. 1947 yil Burkina Faso avvalgi chegaralarda Frantsiyaning «dengiz ortidagi hududi» sifatida tiklandi, 1958 yil dekabrda Burkina Faso davlat makrmini oldi va Frantsiya Hamdo’stligi tarkibida Muxtor respublika deb e’lon qilindi. 1960 yil 5 avgustda mustaqillikka erishdi. 1984 yil 4 avgustdan Burkina Faso deb atala boshladi. M. Yameogo Yuqori Volta Respublikasi (hozirgi Burkina Faso) ning birinchi prezidentidir. 1983 yilgacha bir necha marta davlat to’ntarishi bo’ldi. 1983 yil 4 avgustda hokimiyat tepasiga T. Sankara boshchiligidagi Milliy inqilob kengashi keldi. 1987 yilda esa Burkina Fasoda navbatdagi davlat to’ntarishi bo’lib, kapitan Blez Kompaore boshchiligidagi Xalq fronti hokimiyatni qo’lga oldi. B. Kompaore—1991 yil 1 dekabrdan mamlakat prezidenti. 1991 yil mamlakatda ko’p partiyali tizim joriy etildi. Burkina Faso 1960 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1992 yil 25 yanvarda tan olgan. Milliy bayrami — 4 avgust— Inqilob kuni (1983). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Demokratiya va federatsiya uchun alyans, 1990 yilda tuzilgan partiya; Afrika demokratik birlashmasi partiyasi; demokratiya va taraqqiyot Kongressi partiyasi, 1996 yilda tuzilgan; ilgor vatanparvarlar milliy Konventi — Sotsial-demokratik partiya, 1991 yil tuzilgan; demokratiya va taraqqiyot partiyasi, 1993 yilda tuzilgan; Xalq fronti, turli siyosiy va ijtimoiy tashkilotlar uyushmasi, 1987 yilda tuzilgan. Burkina Faso bosh mehnat konfederatsiyasi, 1988 yilda tuzilgan; Burkina Faso mehnatkashlari kasaba birlashmasi, 1958 yilda tashkil etilgan. Xo’jaligi. Burkina Faso — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligining ulushi 40%, sanoatning ulushi -14%. Ekin maydonining 75%ga g’alla ekiladi. Qishloq xo’jaligining asosiy mahsulotlari: paxta, yer yong’oq, moyli palma, shakarqamish, sholi, batat, loviya. Daryo baliqchiligi bilan shug’ullaniladi. Yaylov chorvachiligi ustun. 4 millionga yaqin qoramol bor. Yiliga 68 ming tonna go’sht yetishtiriladi. 100 ga yaqin korxona, jumladan yogoch tilish, paxta tozalash, to’qimachilik, yog’ sovun, charmpoyabzal, sholi oqlash korxonalari, qushxonalar bor. Simob, oltin, marganes, nikel, marmar qazib olinadi. Yiliga o’rtacha 157 million kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Chetga qoramol, chorvachilik mahsulotlari, paxta, yer yong’oq, sabzavot, kunjut urug’i sotadi. Chetdan mashina va asbob-uskunalar, oziq-ovqat, neft maqsulotlari oladi. Avtomobil yo’llarining uzunligi 4,6 ming kilometr, temir yo’l uzunligi — 1155 kilometr. Tashqi savdo-sotiqdagi mijozlari: Frantsiya. Kotd’Ivuar; Germaniya, Kanada, AQSh, Niderlandiya bilan ham yaqin aloqa bog’lagan. Xalqaro aeroportlari: Uagadugu, BoboDiulaso. Pul birligi — Afrika franki. Tibbiy xizmati. Burkina Fasoda davlatning 9 shifoxonasi va 400 dan ortiq boshqa tibbiy muassasalar bor. 3,6 ming o’rinli shifoxonalarda 150 shifokor, 800 dan ortiq hamshira va akusher ishlaydi. Maorifi, madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalari. Mustaqillik e’lon qilinguncha (1960) aholi savodsiz edi. Istiqlol sharofati bilan maorifni rivojlantirish rejasi qabul etildi. Qishloqlarda 3 yillik ta’lim markazlari ochildi, majburiy bepul boshlang’ich ta’lim yo’lga qo’yildi. Burkina Fasoda davlat maktablari bilan bir qatorda pulli xususiy maktablar ham bor. 6 yoshdan boshlab bolalar uchun 6 yillik boshlang’ich, qishloq joylarda 3 yillik to’liqsiz boshlang’ich maktablar mavjud. To’liqsiz o’rta maktab (kollej) 4 yillik, to’liq o’rta maktab (litsey) 7 yillik. Boshlang’ich maktab negizida 4 yillik quyi hunar-texnika ta’limi, 7 yillik o’rta texnika ta’limi yo’lga qo’yilgan. Boshlang’ich maktablar uchun o’qituvchilar pedagogika bilim yurtlarida 3 yil davomida, o’rta maktablar uchun o’qituvchilar untda tayyorlanadi. Burkina Fasoda Uagadugu universiteti (1969 yilda Oliy ta’lim markazi sifatida tashkil etilgan, 1974 yildan universitet maqomini olgan), kino va teleko’rsatuv o’quv instituti bor. Mamlakatdagi yirik ilmiy muassasalar: ilmiy tadqiqot markazi, tropik qishloq xo’jalik instituti, Ilmiy-texnika tadqiqotlari byurosi, konchilik geologiya direktsiyasi, tropik o’rmon texnika markazi (1963), Milliy pedagogika instituti, paxta va to’qimachilik instituti, iqtisodiy va ijtimoiy fanlar markazi va boshqalar. Universitet huzuridagi kutubxona, Milliy pedagogika institutining kutubxonasi, ilmiy tadqiqotlar markazi huzuridagi kutubxona, Konchilik geologiya direktsiyasining kutubxonasi mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Burkina Fasodagi yirik gazeta va jurnallar: «Sidvaya» («haqiqat», frantsuz tilida chiqadigan kundalik gazetasi, 1984 yildan), «Byultendelajansdenformason dyu Burkina» («Burkina axborot agentligining byulleteni», frantsuz tilida chiqadigan haftalik jurnal), «Jurnal dyu jyodi» («pPyshanbalik gazeta», frantsuz tilidagi haftalik gazeta, 1991 yildan), «Maten» («Tong», frantsuz tilidagi haftanoma, 1992 yildan), «Pen» («Mamlakat», frantsuz tilidagi kundalik gazetasi, 1991 yildan). Burkina Faso axborot agentligi 1963 yilda tashkil etilgan. Burkina milliy radioeshittirishi hukumat agentligi. Burkina Faso milliy teleko’rsatuviga 1963 yilda asos solingan. Adabiyoti 20-asr 60-yillarining o’rtalaridan boshlab frantsuz tilida rivojlana boshladi. R. Nikemning xalq og’zaki ijodi uslubidagi «G’araz» romani 1967 yilda bosilib chiqdi. P. Dabire o’zining «Samsoa» romanida mosilarning qishloq hayotini tasvirladi. S. Kulibali she’r va romanlari bilan mashhur bo’ldi. A. Kere she’rlari ona yurt tabiatini madh etadi. F. Passer, E. Savadogo, J. Yu. Baze va boshqa milliy adabiyotni rivojlantirishga hissa qo’shdilar. 1984 yilda nashr etilgan «BurkinaFaso she’riyati antologiyasi»ga kirgan asarlar mamlakatning o’tkir ijtimoiy-siyosiy muammolarini aks ettiradi. Yosh shoirlar urushga qarshi, yer yuzida tinchlikni saqlash mavzularini qalamga olmoqdalar. Me’morligi va tasviriy san’ati. Burkina Faso xalqlari (moey, bobo, fulbe va boshqalar) ning turar joyi konus shaklidagi doirasimon yoki yassi tomli to’g’riburchakli 4-5 xonali uylardan iborat. Ba’zi xalqlarning mustahkamlangan turar joylari 2-3 qavatli yassi tomli doirasimon minoralarni eslatadi. Guvaladan doirasimon qilib tiklangan don omborlarining devorlariga «Ko’z tegmasin» deb ayollar, toshbaqalar va echkemarlar tasviri tushirilgan. Guvaladan yassi tomli maejidlarni minora va mezanalar bilan birga qurish odat bo’lgan. Ayrim imoratlarning peshtoqiga kiyik shoxlari va turli naqshlar solingan yog’ochlar ilib qo’yiladi. Hozirgi frantsuz me’morlari loyihasi asosida zamonaviy binolar qurilmoqda. Bronzadan yasalgan buyumlarda o’simlikka o’xshatib naqsh solingan san’at asarlari yaratiladi. Milliy kiyim-kechaklarga moviy rangda turli naqshlar tikiladi. Musiqasi. Burkina Fasodagi ko’pgina xalqlarning musiqiy an’analari xilma-xil. Qishloq jamoalarida mehnat jarayonlari, bayram marosimlari, diniy rasm-rusumlarga bag’ishlangan turlicha musiqiy uslub va yo’sinlar bor. Ko’pincha musiqa, raqs va qo’shiq birga ijro etiladi. Bayram marosimlarida ijro etiladigan ko’pgina qo’shiqlarda ajdodlar ruhiga murojaat etilib, sihat-salomatlik, omon-esonlik va mo’l hosil bo’lishi haqidagi tilaklar aytiladi. Cholg’u asboblari: nay, do’mbira, chang, g’ijjak va hayvon shoxlaridan yasalgan karnay kabilar. Keyingi yillarda zamonaviy musiqani rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Uagadugudagi milliy teatr va milliy folklor dastasi, bir qancha estrada ashula va raqs dastalari mavjud. Kinosi. 1969 yilda Uagaduguda bo’lib o’tgan 1-umumafrika kinofestivali milliy kinematografiyaning rivojlanishiga turtki bo’ldi. Birinchi to’liq metrajli film 1972 yilda yaratilgan. Keyinchalik «Yarash yo’li», «Xudoning in’omi», «PokoPoko» kabi filmlar yuzaga keldi.