BURMALANGAN OBLAST
BURMALANGAN OBLAST — geosinklinal mintaqa rivojlanishining yagonaligi va bir vaqtda burma hosil bo’lishi bilan ajralib turadigan bir qismi. Yer po’sti harakatdagi zonalari — geosinklinal mintaqalari rivojlanishidagi qonuniy bosqich. Tektonik jarayonlarning rivojlanishi intensivligi bir xil emasligi sababli Burmalangan oblast ba’zi bir davrlar — burmalanish davrlari bilan bog’liq. Masalan, paleozoy davrining boshidan boshlab kaledon Burmalangan oblast (asosiy burma hosil bo’lishi ordovik, silur va devon davri birinchi yarmida bo’lgan), gersin Burmalangan oblast (paleozoy oxirida), mezozoy yoki kimmeriy Burmalangan oblast (yura va bo’r davri boshlanishida) farq qilinadi. Tokembriyda ham bir kancha Burmalangan oblast hosil bo’lgan. Burmalangan oblastda burmalardan tashqari tektonik qoplamlar bor, tog’ jinslari regional metamorfizmga uchragan, kuchli magmatik jarayonlar sodir bo’lgan. Burmalangan oblastning ma’lum bir kismi platformalarning cho’kindi qoplami burmalanishidan yoki geosinklinal oblastning chekkalarida, shuningdek platforma ichkarisidagi burmalangan zonalar — avlakogenlarda (Donbass) tarkib topali. O’zbekistonda tokembriy, kaledon, gersin va kimmeriy Burmalangan oblast mavjud.