BUROQ

BUROQ (Arabcha, «yarqiroq», «barq» so’zidan) — Islom rivoyatlarida juda tez chopadigan va uchadigan maxluqning nomi. Qur’oni karimda zikr qilinishicha (17:1), Muhammad (sav) uni minib Makka shahridan «tungi sayr»da me’rojga chiqqan. Rivoyat qilishlaricha, Buroq Muhammad (sav)ni Kaba oldiga kelib kutib turgan, avvaliga u sarkashlik qilgan, hazrat Jabroil majbur etgandan so’ng bo’ysungan. Buroq boshqa payg’ambarlar, chunonchi Ibrohim (as) va Dovud (as) ga ham xizmat qilgan, deydilar. Buroq goh ot, goho xachir shaklida, oq rangli, bo’yni cho’ziq, quloqlari uzun, oyoqlarida qanoti bo’lgan deb ta’riflangan. Muhammad (sav) Buroqga minib uchib ketayotganliklarini o’rta asr shia miniatyuralarida ifodalashga harakat qilingan.