BURUNDUQXON

BURUNDUQXON (?-1511) qozoq xonlaridan biri (1480-1511), Kirayxon (Gireyxon)ning katta o’g’li. Otasi vafotidan so’ng taxtga o’tirgan. Abulxayrxon vafotidan keyin Muhammad Shayboniyxon bilan o’zbek ulusiga ega bo’lish uchun ko’plab janglar olib borgan. Burunduqxon 50 ming kishilik qo’shini bilan mang’itlar ustiga yurish qilganda (1480) Shayboniyxon 300 askari bilan mang’itlarga yordamga kelib Burunduqxon qo’shinini tormor keltirgan. Burunduqxon Jonibekxonning o’g’illari Qosim Sulton va otik Sulton hamda mang’itlardan Hamzabeklar bilan Shayboniyxon turgan Sig’noqni 3 oy qamal qilgan, biroq qal’ani ololmay chekingan. Shayboniyxon O’trorga yurish qilganda Sig’noq beklari, ruhoniylari qal’ani Burunduqxonga topshirganlar. Burunduqxon so’ngra Arquq qal’asini 40 kun muvaffaqiyatsiz qamal qilgan, Sabron, O’tror, Sayram, Olatog’ni egallagan. Burunduqxon Shayboniyxonga qarshi turish befoydaligini tushungach, qizini unga bergan. Jonibekxon va Kirayxon vafotidan so’ng ularning o’g’illari o’rtasida o’zaro nizo boshlangan. Jonibekxonning o’g’li Qosim Sulton Burunduqxonni dashtdan siqib chiqargan. Burunduqxon o’zining dushmanlari bo’lgan Shayboniylar huzuriga — Movarounnaxrga ketishga majbur bo’lgan va umrining qolgan kismini Samarqandda o’tkazib o’sha yerda vafot etgan.