BUXAREST

BUXAREST, Bukureshti —Ruminiya Respublikasi poytaxti. Mustaqil ma’muriy birlik. Mamlakatning Janubda, Quyi Dunay pasttekisligida, Dunayning chap irmog’i bo’lgan Dimbovisa daryosi bo’yida joylashgan. Aholisi 1,9 million kishi (1995). Shahar hozirgi nomi bilan 14-asrdan ma’lum. 1659 yildan Valaxiya, 1861 yildan Ruminiya poytaxti. 1941 yil iyunda Buxarestni nemis*fashist qo’shinlari egallagan. 1944 yil nemislardan ozod etildi. Buxarest Ruminiyaning eng yirik shahri, iqtisodiy va madaniy markazi. Yirik transport yo’llari tuguni — transyevropa magistrallari chorrahasida. Xalqaro aeroport bor. Buxarest mamlakatda sanoat mahsuloti ishlab chiqarishda salmoqli o’rin tutadi. Buxarestning asosiy sanoat tarmoqlari: mashinasozlik, metallsozlik, elektrotexnika, oziqovqat, to’qimachilik, kimyo, tikuvchilik, ko’n poyabzal, oynashisha, chinnifayans, poligrafiya, rangli va qora metallurgiya, yog’ochsozlik. Buxarestda Ruminiya Fanlar Akademiyasining bo’limlari va uning ilmiy tadqiqot institutlari, tarmoq akademiyalari, universitet va boshqa o’quv yurtlari ishlab turibdi. Yevropa mamlakatlarida mashhur bo’lgan konservatoriya, kutubxonalar, muzeylar, teatrlar, Ateneum kontsert zali (19-asr) va boshqa madaniy maorif muassasalari bor. Shaharning asosiy qismi Dimbovisa daryosining baland so’l sohilida. U yerda muhim ma’muriy, savdo va madaniy muassasalar joylashgan. Metropoliten qurilgan. Buxarest va uning atrofida bog’lar, me’moriy va arxeologiya yodgorliklari ko’p. 16-18-asrlarga oid monastir va cherkovlar (Mixayvode, Patriarx, Kresulesku) saqlangan. Respublika Saroyi (20-asr) bor. 1977 yilda zilziladan qattiq shikastlangan.