BUXORO MINIATYURA MAKTABI
BUXORO MINIATYURA MAKTABI — O’zbekiston miniatyura san’atidagi o’ziga xos yo’nalish. O’rta asrlar (16— 17-asrlar) da Buxoroda shakllangan. Buxoro miniatyura maktabining rivojlanish davri Buxoroda Shayboniyxonlar (16-asr), Ashtarxoniylar (17-asr) hukmronligi davriga to’g’ri keladi. Hirot miniatyura maktabi ta’sirida rivojlangan Buxoro miniatyura maktabi dastlab Buxoroga kelgan Hirot miniatyura maktabi vakillarining ijodi bilan bog’liq bo’lgan va mahalliy badiiy an’analar ta’sirida shakllanayotgan mustaqil uslubni aks ettirgan oqimlar ko’rinishida bo’lib, 1550-yillar o’rtalaridan mustaqil rivojlangan. Umumlashtirish, shaklning ixchamligi, kiyim va bezaklarning aniq hamda yirik ishlanishi, bo’shliqning bir tekis tuzilishi, me’moriy tasvir va zaminning soddalashtirilishi kabi xususiyatlarga ega bo’lgan. Umumiy ranglar yorqin, tiniq (to’q sariq va qora ranglar ustunligi seziladi), rasmlar uchun yaratuvchanlik, tantanavorlik ruhi xos bo’lgan. Rasmlarda qabul sahnalari, tabiat og’ushidagi uchrashuvlar, maishiy manzaralar, saroy hayotidan olingan axloqiy lavhalar va boshqa mavzular keng o’rin olgan; ko’chmanchi hayot ko’rinishlari, mahalliy etnik turlar ham uchraydi. 16- asr oxiridan tasviriy san’atda mavjud an’anaviy, rasmiy dabdabali yo’nalish bilan bir qatorda demokratik mavzular shakllandi va mustahkamlandi, shahar hayotidan olingan janrli lavhalar, hunarmandlik mavzularining soni ko’paydi. Buxoro miniatyura maktabining yirik vakillari: Mahmud Muzahhib, Shayxzoda, Abdulla Musavvir (16-asr); Muhammad Sharif, Muhammad Muqim, Avaz Muhammad, Muhammadamin, Farhod, Mulla Behzod, Xo’ja Gadoy (17-asr) va boshqalar. 16-asr oxiri va 17-asr boshlarida Movarounnahrning qo’shni mamlakatlar bilan aloqalarining kuchayishi tufayli Buxoro miniatyura maktabi vakillari asarlarida Hindiston va Eron tasviriy san’atining ta’siri o’z ifodasini topgan. Bu maktab vakillari tomonidzn Sa’diyning «Bo’ston» (157576), Jomiyyaning «Tuhfat ulahror» (16-asrning 70-yillari), Dehlaviyning «Tarixi Xizrxon» (1579), Nizomiyning «Xamsa» (1648, hammasi Sankt Peterburgdagi SaltikovShchedrin nomidagi kutubxonada), Firdavsiyning «Shohnoma» (1664, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida) asarlari, shuningdek tarixiy, diniy asarlar badiiy bezatilgan. Kitoblarni bu tarzda bezash keyingi davrlarda ham davom etdi, masalan, Ahmad Donish, Abdulxoliq Maxdum va boshqalar. 20-asr 20-yillarida Buxoro miniatyura maktabi an’analari usta Nabi Hafizov (plakatlar ishlagan), S. Pochayev ijodida davom ettirildi. Ad.: Pugachenkova G. A., Rempel L. I., Vidayutshiesya pamyatniki izobrazitelnogo iskusstva Uzbekistana, T., 1960; Sredneaziatskie miniatyuri 16-18 vv., M., 1964; Pugachenkova G. A., Rempel L. I., Ocherki iskusstva Sredney Azii, M., 1982. El’mira Ismoilova.