BUXORODA 1910 YIL YANVAR VOQEALARI

BUXORODA 1910 YIL YANVAR VOQEALARI — Buxorodagi qonli fojia (9-11 yanvar). Shaharning shia mazhabidagi aholisi 9 yanvar kuni o’g’lon darvozasi yaqinidagi sarbozxonada o’zlarining motam marosimlari — «shaxseyvaxsey» o’tkazayotganliklarida sunniy mazhabidagi mullavachchalar ularning bu holidan kuladilar. Bundan g’azablangan shialar bir mullavachchani o’ldiradilar va uchtasini qamattiradilar. Sunniylarning vakillari amirning Arkiga kelib qushbegi Ostonaquldan gunohkorlarni jazolash va qamalganlarni ozod qilishni talab qiladilar. Qushbegi yig’ilganlarni haydab yuboradi. Shundan so’ng aholi Registon maydoniga to’planib yana o’z talablarini qo’yadi. O’zi shialardan bo’lgan qushbegi yig’ilganlarga qarshi sarbozlarni yuboradi va ikki o’rtada jang boshlanadi. Bozorda ham sunniylar bilan shialar o’rtasida janjal ko’tariladi. Sunniylar qo’lga tushgan narsalar bilan qurollangan edi. Xiyobon madrasasi atrofida shialarning hujumi to’g’risida xabar keladi, yig’ilgan olomon o’sha tomon yo’l oladi. Sarbozlar olomonning yo’lini to’sadi. Sodir bo’lgan jangda sunniylardan 240 kishi o’ldirilgan. Shundan so’ng sunniylar butun shaharga tarqalib, duch kelgan shialarni qira boshlaganlar. Bu xunrezlik 10 va 11 yanvar kunlari davom etadi. Qushbegi Rossiyaning siyosiy agentligiga yordam so’rab murojaat qiladi. 11 yanvarda Samarqand va Kattaqo’rg’ondan polkovnik Panov rahbarligida o’qchi rota, kazaklar sotnyasi 4 pulemyot bilan keladi. Fojia haqidagi xabar Rossiya poytaxtigacha boradi, P. A. Stolipinning buyrug’i bilan xunrezlikni oldini olish uchun I Turkiston armiyasi korpusi shtabining boshlig’i generalmayor Liliental yetib keladi. Karmanada yashayotgan Amir Abdulahad Buxoroga o’zi kelishga jur’at qilolmay o’g’li (taxt vorisi) Said Olimxonni jo’natadi. Sunniy xalq qushbegi Ostonaqulni, Said Olim va mirob olim to’qsobalarni hamda xalqqa jabrzulm o’tkazgan bir qator shia amaldorlarini vazifasidan chetlashtirish, bundan so’ng ularni davlat ishlariga aralashtirmaslikni talab qiladi. Bu talablar qondiriladi. Shaharda osoyishtalik hukm sura boshlaydi, 15 yanvarda sunniy va shia mazhablari vakillarining yarashish uchrashuvi tashkil etiladi, shundan so’ng rus qo’shinlari shahardan olib chiqiladi. Bu xunrezlikda shahar hunarmandlari, ishchilar, mayda savdogarlar, mullavachchalar, ruhoniylar va boshqa qatnashadi. Xunrezlik haqidagi xabar amirlik tumanlaridagi aholini ham junbishga soladi. Yanvar fojialarida umumiy hisoblarga qaraganda mingdan ortiq kishi halok bo’lgan. Bu xunrezlik amirlik va mustamlakachi Rossiya ma’murlarini vahimaga solib qo’ygan. Ad.: Ayniy S, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Tuxtametov T. G., Russkobuxarskie otnosheniya v kontse 19 nachale 20 yil. T., 1966. Toshpo’lat Rahmonov.