BUYDASHXON

BUYDASHXON, Buylashxon, Boydashxon (7-1560) — Jo’jixon avlodlaridan bo’lmish katta juz xoni. Buydashxon o’z hukmronligi davrida Movarounnahrga tez-tez bostirib kirib, mahalliy aholini talon-taroj qilib turgan. Chunonchi, u 1560 yil 20 ta qozoq sultoniga bosh bo’lib, Farg’ona vodiysiga to’satdan bostirib kirganda, bir qancha qishloqlarni talagach, Axsikat shahri tomon yo’l olgan. Shunda O’rta Osiyoda Maxdumi A’zamdan keyin naqshbandiylik tariqatiga yetakchilik qilayotgan Lutfulloh Chustiy xalqni Buydashxonga qarshi oyoqqa turg’izib, jangga yetaklagan. Natijada Buydashxon boshliq qozoq sultonlari qo’shini Axsikat bo’sag’asidagi jangda butunlay tormor keltirilgan. Buydashxonning o’zi esa shu jangda o’ldirilgan. Buydashxon avlodlari 19-asrning oxirlari va 20-asrning boshlarida Yettisuv viloyatining Avliyoota (Jambul), Sirdaryo va Verniy (Olmaota) uezdlarida yashagan.