BUYRAKTOSH KASALLIGI

BUYRAKTOSH KASALLIGI, nefrolitiaz — buyrak va siydik yo’llarida tosh (konkrement) hosil bo’lishi bilan kechadigan kasallik. Bir yoki ikki tomonlama bo’ladi. Brlalarga nisbatan kattalar orasida ko’proq uchraydi. Organizmda vitaminlar yetishmasligi, kamqonlik, oqsillar tanqisligi, me’daichak kasalliklari, qalqonsimon bez yonidagi bezchalar faoliyatining kuchayishi, pielonefrit, buyrakdan siydik oqimi qiyinlik bilan o’tadigan boshqa kasalliklar oqibatida moddalar almashinuvining buzilishi sabab bo’ladi. Irsiy omillarning ham ahamiyati bor. Kasallik asosida oqsil o’laksasi atrofiga siydikda qiyin eriydigan tuz kristallari yopishib, mikrolitlar hosil qilishi yotadi; ular astasekin kattalashib, toshlarga aylanadi (masalan, urat kislota tuzlaridan uratlar, kaltsiy oksalatdan esa oksalat toshlari va hokazolar). Tosh o’lchamlari kattalasha borib, buyrak kosachasi yoki jomiga tiqilib, siydik dimlanishi ro’y berganda, o’ziga xos klinik manzara kuzatiladi. Belning o’ng yoki chap tarafida qattiq sanchiq paydo bo’lib, u jinsiy a’zolarga, sonning old yuzasiga tarqaladi. Sanchiq bir necha minutdan bir necha soatgacha davom etadi. Ba’zan og’riq suet bo’lib, jismoniy ish qilganda, sakraganda, transport silkitganida, tosh joyidan siljib, siydik nayiga yoki qovuqqa o’tganida og’riq kuchayishi va bunda mikrogematuriya makrogematuriyaga aylanishi mumkin. Bolalar serxarxasha bo’lib, bezovtalanadi, qorni yoki kindik atrofini ko’rsatib, chinqirib yig’laydi, siydikda leykosit va eritrositlar bo’ladi. Ultratovush (UTT) yoki roentgen tekshiruvlariga asoslanib tashhis qo’yiladi. Toshning o’lchami siydik nayidan chiqa olish darajasida bo’lsa, uni erituvchi dorilar, giyoxdar va parhez yordamida davolanadi. Litotriptor yordamida toshni maydalab, siydik yo’llaridan chiqarib yuborish tobora ko’p qo’llanilmoqsa. Zaruriy hollarda jarrohlik usulida tosh buyrakdan olib tashlanadi.