BUYVOLLAR

BUYVOLLAR (Bubalus) — quvushshoxlilar oilasiga mansub juft tuyoqlilar urug’i. Tanasining uzunligi 100— 290 santimetr, dumi 15-90 santimetr, bo’yi 62-180 santimetr, og’irligi 150-1200 kilogramm. Gavdasi yo’g’on, bo’yni va oyoklari kalta va kuchli. Juni kalta va siyrak, dumining uchida shokila hosil qiladi. Buqasining bo’yni ostida terisi osilib turadi. 3 turi: anoa, Osiyo buyvoli va Afrika buyvoli bor (ba’zan 3 ta har xil urug’ga kiritiladi). Osiyo, ya’ni Hind buyvoli (V. arinee) shoxining uzunligi 2 metrgacha, o’roqqa o’xshash egilgan; asosi kengaygan; Osiyo (Hindiston, Myanma, Xitoyning janubida, Hindixitoy yarim oroli, Kalimantano) va Filippinning Mindanao orolida (Mindanao kenja turi) tarqalgan. Ba’zan Mindanao buyvoli alohida tur (V. mindorensis) ga kiritiladi. Afrika buyvoli (V. caffer) Sahroi Kabirdan Janubroqda tarqalgan Buyvollar o’rmonlar va chakalakzorlarda, pasttekislik va tog’li hududlarda yashaydi. Bitta, ba’zan 2 ta bola tug’adi. Osiyo buyvoli xonakilashtirilgan, Janubiy Osiyo, Afrika, Janubiy Yevropa va Kavkazda suti uchun, ba’zan ishchi hayvon sifatida boqiladi. Osiyo buyvoli ba’zan arni yoki Hindiston buyvoli, Afrika buyvoli esa kaffer yoki qora buyvol deb ham ataladi. Filippin va Osiyo Buyvollar Tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi qizil kitobiga kiritilgan.